Quvur ortidagi mas’uliyat
Xalqimizda “insondan yaxshi nom qoladi” degan purma’no naql bor. Bu bejiz aytilmagan. Chunki inson umri o‘tkinchi bo‘lsa-da, uning el-yurt uchun qilgan ezgu ishlari, halol mehnati va odamlarga qilgan yaxshiliklari qalblarda uzoq yashaydi. Yaxshi insonning nomi hurmat bilan tilga olinadi, uning hayot yo‘li esa kelajak avlod uchun ibrat maktabiga aylanadi. Shu bois xalqimiz azaldan yaxshi nom orttirishni eng katta boylik, eng yuksak qadriyatlardan biri deb bilgan.
Mirzaobodlik Botirali Hoshimov ana shunday insonlardan. Uni nafaqat Mirzaobod tumanida, balki “Hududgaz Sirdaryo” filiali tizimida mehnat qilayotganlar tajribali payvandchi, mohir usta va o‘z kasbini sidqidildan sevuvchi inson sifatida yaxshi tanishadi. Ko‘p yillik mehnat faoliyati davomida u o‘zining mas’uliyati, mehnatsevarligi va xalq xizmatiga sadoqati bilan hamkasblari orasida katta hurmat qozongan.
Qahramonimiz tuman gaz ta’minoti bo‘limida faoliyat yuritayotganiga bu yil 27 yil to‘ldi. Mehnat faoliyatini oddiy ishchi sifatida boshlagan Botirali vaqt o‘tishi bilan ustozlaridan o‘rganib, izlanib, o‘z mehnati va intilishi orqali tajribali payvandchi, hurmatli ustoz darajasiga yetdi. Bugun u nafaqat o‘z vazifasini sidqidildan bajarayotgan mutaxassis, balki yoshlarga kasb sirlarini o‘rgatayotgan tajribali ustoz sifatida ham e’tirof etiladi.

— Bu darajaga osonlik bilan erishilmaydi. Turli o‘lchamdagi gaz quvurlarini payvandlashni hamma ham uddalay oladi, deb o‘ylash mumkin. Aslida esa bu katta mas’uliyat talab qiladigan kasb. Payvandchi nafaqat tajriba va bilimga, balki yuksak aniqlikka ham ega bo‘lishi kerak. Chunki bitta xato katta muammoga sabab bo‘lishi mumkin. Eng muhimi, inson hayoti va xavfsizligi masalasi turibdi. Buni chuqur anglagan insongina haqiqiy ustaga aylanadi. Men bu o‘gitlarni ustozlarimdan ko‘p eshitganman va doimo amal qilishga harakat qilganman, — deydi Botirali Hoshimov.
Darhaqiqat, gaz sohasida mehnat qilish nafaqat jismoniy chidam, balki katta iroda va mas’uliyatni ham talab etadi. Qahraton sovuqda ham, jazirama issiqda ham, tun yoki kun demay, aholi manfaati uchun xizmat qilish oson emas.
Ayniqsa, yer osti gaz quvurlaridagi ta’mirlash ishlari nam va zax sharoitda amalga oshirilishi bu kasbning naqadar mashaqqatli ekanini ko‘rsatadi.
Yillar davomida Botirali nafaqat o‘z malakasini oshirdi, balki ko‘plab yoshlarga ham kasb sirlarini o‘rgatdi.
Ustozlardan olgan bilim va tajribasini shogirdlariga sidqidildan yetkazib, ularning yetuk mutaxassis bo‘lib kamol topishiga hissa qo‘shmoqda.
– Payvandchilik matonat va sabr talab qiladigan kasb. Bu yerda har bir harakat aniqlikni talab etadi. Qishning sovug‘i, yozning jaziramasi, yomg‘ir yoki qor — baribir xizmat vazifasini bajarishga to‘g‘ri keladi. Lekin xalq xizmatida bo‘lish insonga kuch va ilhom beradi. Odamlarning duosi barcha charchoqni unuttiradi, – deydi tajribali payvandchi.
Uning mehnat faoliyatida unutilmas voqealar ko‘p. Ayniqsa, qahraton qish kechalaridan biri haligacha yodida.
Tungi soat uchlar atrofida Oqoltin mahallasida gaz quvurida nosozlik yuzaga kelgani haqida xabar keladi. Sovuq avjiga chiqqan, aholi esa gazsiz qolish xavfi ostida edi. Botirali aka vaqtni boy bermasdan hamkasblari bilan voqea joyiga yetib boradi. Qattiq sovuq va qiyin sharoitga qaramay, bir necha soat davom etgan ta’mirlash ishlaridan so‘ng tongga yaqin tabiiy gaz ta’minoti qayta tiklanadi.
– Ish tugagach, odamlarning “Baraka topinglar, rahmat sizlarga” degan duolarini eshitib, barcha charchoqlarim unutilgan. Ana shunday paytlarda mehnating qadrini yanada teran his qilasan. “Yaxshiyam shu kasbni tanlagan ekanman” deb o‘ylab ketaman, – deydi u mamnuniyat bilan.
Botiralining ta’kidlashicha, inson uchun eng katta boylik — halol mehnat ortidan topilgan rizq va el hurmati. U farzandlarini ham halollik, mehnatsevarlik va mas’uliyat ruhida tarbiyalab, ularning kamolidan faxrlanib yashamoqda.
Qahramonimiz ishdan bo‘sh vaqtlarini ham samarali o‘tkazadi. U o‘z tomorqasida tashkil etgan issiqxonada bodring, pomidor va limon yetishtirib, oilasi va bozor rastalariga baraka ulashmoqda. Bu esa uning mehnatdan qochmaydigan, tirishqoq va zahmatkash inson ekanini yana bir bor namoyon etadi.
Bugun Botirali Hoshimov kabi fidoyi insonlar yurt taraqqiyoti, xalq farovonligi yo‘lida sidqidildan mehnat qilib, yoshlarga ibrat bo‘lib kelmoqda. Ular o‘z kasbiga sadoqati, halolligi va yuksak mas’uliyati bilan jamiyatda alohida hurmat qozonayotgan haqiqiy mehnat fidoyilaridir. Chunki har bir xonadonga yetib borayotgan issiqlik va qulaylik ortida ana shunday insonlarning mashaqqatli mehnati, mas’uliyati va xalqqa bo‘lgan sadoqati mujassam.
G‘ulom Primov, O‘zA