Quvaytning “Al-Amal” xalqaro xayriya tashkiloti shifokorlari Orolbo‘yida
Joriy yil 23-29-oktabr kunlari Quvayt davlatining “Al-Amal” (“HOPE”) xalqaro xayriya tashkiloti tomonidan Nukus shahrida tibbiy-gumanitar missiya tashkil etilmoqda.
Missiya doirasida 40 nafarga yaqin malakali xorijiy shifokor ishtirokida Orolbo‘yi mintaqasidagi ijtimoiy himoyaga muhtoj, yuqori texnologik jarrohlik amaliyotiga ehtiyoji bo‘lgan 300 nafarga yaqin bola, ayollar hamda erkaklarga bepul tibbiy va jarrohlik yordami ko‘rsatish rejalashtirilgan.

Jarrohlik amaliyotlari respublika ixtisoslashtirilgan onkologiya va radiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazining Qoraqalpog‘iston filiali, respublika ko‘p tarmoqli tibbiyot markazi, respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi Qoraqalpog‘iston filiali, Respublika ixtisoslashtirilgan ko‘z mikroxirurgiyasi ilmiy-amaliy tibbiyot markazining Qoraqalpog‘iston Respublikasi hududiy filiali kabi tibbiyot muassasalarida amalga oshiriladi. Ushbu muassasalarda bemorlarga umumiy jarrohlik, tug‘ma nuqsonlar xirurgiyasi, kattalar ortopedik jarrohligi, yurak kateterizatsiyasi, ginekologik onkologiya, oftalmologik jarrohlik yo‘nalishlari bo‘yicha ixtisoslashtirilgan tibbiy yordam ko‘rsatiladi.

Belgilangan tibbiyot muassasalarida jarrohlik amaliyotlarini sifatli va samarali tashkil etish uchun zarur sharoitlar yaratilgan.

Ushbu xalqaro xayriya missiyasi Orolbo‘yi mintaqasida aholi salomatligini mustahkamlash, ijtimoiy himoyaga muhtoj bemorlarga yuqori darajadagi tibbiy yordam ko‘rsatish va ularning hayot sifatini yaxshilashga xizmat qiladi.
Quvayt shifokorlari tomonidan jarrohlik amaliyotlari boshlab yuborildi.
Dovud Abibullayev,
O‘zA muxbiri