Quvasoyda yangi qo‘shma korxonalar ishga tushdi
Quvasoy Farg‘ona viloyatining sanoat markazlaridan biri hisoblanib, keyingi yillarda iqtisodiy salohiyatni ro‘yobga chiqarish, xorijiy investitsiyalarni jalb etish, istiqbolli loyihalarni amalga oshirishga alohida e’tibor qaratilyapti.
Joriy yilda elektromobilni zaryadlash stansiyalarini ishlab chiqarish korxonasi ishga tushiriladi, shuningdek, 65 million dollarlik keramo-granit loyihasi bo‘yicha ham amaliy ishlarga kirishilmoqda.
Prezidentimizning joriy yil 10 iyuldagi “Qo‘qon” erkin iqtisodiy zonasining hududini kengaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori asosida shahardagi Pakana, Kokilon va So‘fon mahallalari hisobidan Qo‘qon iqtisodiy zonasi hududi 210 gektarga kengaytiriladi. Bu yerda 200 million dollarlik, kelgusi yilda 500 million dollarlik loyiha ishlab chiqilib, kamida 10 ming ish o‘rni yaratilishi rejalashtirilgan.
Shaharda qo‘shma korxonalar soni ikkitaga ko‘paydi. “Blue carbon” mas’uliyati cheklangan qo‘shma korxonasi tomonidan quyosh panellari, yoritish uskunalari hamda ularni quvvatlovchi batareyalarni ishlab chiqarish korxonasi ishga tushirildi.
Mazkur korxona “Bunyodkor” yoshlar sanoat va tadbirkorlik zonasi hududida 10 million dollar to‘g‘ridan to‘g‘ri xorijiy investitsiya hisobiga barpo etildi.
– Bu yerda yiliga 200 megavatt quyosh panellari, 150 ming dona 30-40 turdagi 30-120 vattgacha bo‘lgan quyosh panelli ko‘cha chiroqlari ishlab chiqariladi, – deydi korxona rahbari Bobur Sultonaliyev. – Mahsulotlarimizning sifati va raqobatbardoshligi asosiy e’tiborimizda. Bugungi kunda korxonamizda 150 ta doimiy ish o‘rni yaratildi.
[gallery-18299]
Korxonada Xitoy Xalq Respublikasining “Shandong Blue Carbon Technology” kompaniyasidan keltirilgan zamonaviy texnologiyalar o‘rnatilgan. Loyiha ishga tushirilishi natijasida yiliga 10 million dollarlik mahsulotlar Yevropa, Afrika, MDH davlatlariga eksport qilinishi rejalashtirilmoqda.
“Garden Catering” mas’uliyati cheklangan qo‘shma korxonasi tomonidan esa zamonaviy keytering loyihasi amalga oshirildi. Turkiyalik hamkorlar bilan tashkil etilgan ushbu korxonaga 5 million dollar to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiya yo‘naltirilgan bo‘lib, 100 ta doimiy ish o‘rni yaratildi.
Korxona ta’sischisi Adem Yildirim aytishicha, Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti tomonidan tavsiya etilgan sog‘lom ovqatlanish talablari asosida korxonada tayyorlanadigan 100 turdan ziyod taomlar, salatlar hamda desertlar yetkazib beriluvchilarning yoshiga, jinsiga va kasbiy faoliyati turidan kelib chiqqan holda belgilangan ratsionda tayyorlanadi. Korxonaga turkiyalik yuqori malakali shef-oshpazlar jalb etilgan. Tashkil etilgan o‘quv markazida esa bir vaqtning o‘zida 80 nafar yoshlarga zamonaviy kulinariya sohasida kasbiy ta’lim berish yo‘lga qo‘yilgan.
[gallery-18298]
“Garden Catering” korxonasida tayyorlangan taomlarni maktabgacha ta’lim muassasalari, maktablar, xususiy korxona va tashkilotlarga yetkazib berish rejalashtirilgan.
Qo‘shma korxonalarning foydalanishga topshirish marosimida Farg‘ona viloyati hokimi X.Bozorov ishtirok etdi.
M.Sulaymonov, M.Qodirov (surat), O‘zA