Obod mahalla qanday bo‘lishi kerak? Quva tumanidagi Qaqir mahallasidan mamlakatga mashhur paxtakor, pillakor, olim-u davlat arboblarigacha yetishib chiqqan. Ammo negadir aholi turmush madaniyati juda kam o‘zgargan. 2025 yilga kelib Qaqir mutlaqo yangi qiyofaga kiradigan bo‘ldi. Hozir uning ko‘chalarida keng qamrovli qurilish- montaj ishlari olib borilyapti.
– 30 dan ortiq tijorat do‘konlari va xizmat ko‘rsatish binolari qiyofasi o‘zgaradi. 4 ta ko‘p qavatli turar joy binosi qurilmoqda, – deydi “Qaqir” MFY raisi Qobiljon Yunusov. –Davlatimizdan minnatdorligimiz shundaki, mahallamizga ilk bor suvoqova olib kelindi. Bundan tashqari, 7 km ichimlik suvi tarmog‘i tortilyapti.

– Oqova suvi va ichimlik suvi ta’minoti uchun 5,5 mlrd so‘m mablag‘ ajratilgan. U o‘zlashtirilyapti. 15 mayda qurilish- montaj ishlari yakunlanib foydalanishga topshiriladi, – deydi qurilish shtabi rahbari Abdujabbor Komilov. –Davlat sherikchiligi asosida tadbirkor ko‘p qavatli bino quryapti. Uning birinchi qavatida mahalla fuqarolar yig‘inining idorasi joylashadi. Yana bir tadbirkor 600 o‘rinli to‘yxonani bitirish arafasida.
Qaqir mahallasida gulchilar ko‘chalari serob. O‘nlab xonadonlarda kichik-kichik issiqxonalarda noyob gullar yetishtirishadi.

– Kam ta’minlangan oilalarni ish bilan band qilish uchun hududimizdagi 200 dan ortiq issiqxona tarmoqlarini kengaytirib bu yil uni 300 taga yetkazamiz. Shu kabi qurilish ishlariga mahalla tadbirkorlari 70 mlrd so‘mdan ziyodroq mablag‘ sarfladilar, – deydi MFY raisi.
Mahallada barchani quvontirayotgan yana bir inshoot qurilyapti. Bu yangi maktab binosidir. Negaki, u ilgari ma’nan eskirgan binoda joylashgan edi. Mana endi shaharlarda ham havas qilgulik loyiha amalga oshirilyapti.

– Eski maktab binosi o‘tgan asrning 70 yillarida qurilgan. Uning pol qismlari, kommunikatsiyalari izdan chiqib bo‘lgan edi. Umumiy ko‘rinishi ta’mirtalab bo‘lib zamonaviy talablarga javob bermas edi, – deydi Qobiljon Yunusov. –Shu yerga yangidan maktab qurish uchun 34 milliard so‘m mablag‘ ajratildi. Shuning uchun ham xalqimiz quvonchi cheksiz. Kelgusida bu maktab eng namunali maktablarning biri bo‘lib qoladi.
Hali qilinadigan ishlar bisyor: ko‘chalar asfaltlanadi, elektr simtutqichlari beton ustunlarga almashtiriladi, yo‘l chetlariga sharqirab suv oqadigan beton ariqlar o‘rnatiladi. Xullas, Quvaning Qaqiri chin ma’noda obod mahallaga aylanadi.

<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/8F47ZzfGnkg" title="Quvaning Qaqiri obod maskanga aylanadi" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Muhammadjon Obidov, Elyor Olimov (video, surat), O‘zA muxbirlari