Isroil-XAMAS
Falastin xalqini himoya qilish bo‘yicha BMT Bosh assambleyasining favqulodda maxsus sessiyasi 26 oktyabr kuni bo‘lib o‘tadi, deb xabar berdi Xavfsizlik kengashi 78-sessiyasi rasmiy vakili Monika Greyli.
Eron tashqi ishlar vaziri Husayn Amir Abdullohiyon bayonotiga ko‘ra, XAMAS yetakchilari uni Isroil bilan uzoq davom etadigan qarama-qarshilikka tayyorliklariga ishontirgan.
- XAMAS siyosiy byurosi rahbari Ismoil Xaniya va “Islom jihodi” harakati yetakchisi An-Nahol meni G‘azodagi so‘nggi vaziyat bilan tanishtirdi va yahudiylar bilan cho‘ziladigan kurashga tayyor ekanliklarini bayon etdi, dedi u.
Xitoy va Isroil tashqi ishlar vazirlari Van I va Eli Koen telefon muloqotida mintaqadagi so‘nggi vaziyatni muhokama qilishdi, deb yozdi Pekindan TIV matbuot xizmati. Van I Falastin va Isroil farzandlar, nabiralar – kelajak avlod tinchligi va xavfsizligini ta’minlash zarurligi bilan bog‘liq uzoq muddatli manfaatga sodiqlikka ishonch bildirdi, deya ma’lum qilingan bayonotda.
XAMAS Isroil Qurolli kuchlari rejalayotgan G‘azoga ehtimoliy quruqlik amaliyotiga qarshi turishga tayyor, dedi harakat vakili Abdul Latif Al-Kanu.
Falastin hukumati matbuot xizmati ma’lumotiga ko‘ra, G‘azo sektoriga 7 oktyabrdan beri yonilg‘i yetib kelmagan.
Qo‘shma Shtatlar Isroilga harbiy maslahatchilar yuborganini tasdiqlaydi, dedi Oq uy Milliy xavfsizlik kengashi strategik kommunikatsiya bo‘yicha muvofiqlashtiruvchisi Jon Kirbi jurnalistlar uchun uyushtirilgan brifingda.
Isroilning G‘azoga quruqlikdagi amaliyoti uzoq muddatga qoldirilishi yoki umuman amalga oshirilmasligi mumkin. “The Times of Israel” shunday yozgan. Isroillikharbiylarning XAMAS qo‘lida garovda turganlarni ozod qilish bilan bog‘liq holati shuni taqozo qiladi, deydi nashr.
AQSH Prezidenti Jo Bayden Isroil Bosh vaziri Binyamin Netanyaxu bilan telefon suhbatida gumanitar yordam G‘azoga uzluksiz kelishini ta’minlash zarurligini aytgan. Bu haqda Oq uy matbuot xizmati ma’lum qildi.
XAMAS garovdagilarni ozod qilgan taqdirda ham Isroil G‘azoga yonilg‘i kelishiga yo‘l qo‘ymaydi, deb bayonot berdi Vazirlar Mahkamasi maslahatchisi Mark Regev “CNN” telekanali muxbiriga.
- Biz XAMAS harbiy mashinalariga yonilg‘i kelishidan manfaatdor emasmiz, faqat dori-darmon, suv, oziq-ovqat yetkazilishiga rozilik berganmiz, xolos, dedi u.
Lyuksemburg TIV rahbari Jan Asselborn fikricha, Falastin – Isroil inqirozini hal etish uchun 20 yildan kamroq vaqt kerak. U jurnalistlar bilan suhbatda shunday dedi.
Germaniya tashqi ishlar vaziri Annalena Berbok Falastin – Isroil ziddiyati terrorizm ustidan g‘alaba qozonilgach va ikki davlat tashkil topganidan keyingina barham topishi mumkin, deya bayonot berdi.
Misr Rafoh aholi manzilida G‘azo sektori qochoqlari uchun qo‘nalg‘a tashkil qilish taklifini bildirdi. Bu haqda o‘z manbalariga tayanib, “Al Araby Al Jadeed” nashri ma’lum qilgan.
Mudofaa armiyasi rasmiy vakili Daniel Xagari ma’lum qilishicha, Isroil XAMASning mingdan ziyod tarafdorini qo‘lga olgan, ularning ayrimlari halok bo‘lgan.
AQSH Prezidenti ma’muriyati Isroildan garovdagilarni ozod qilish bo‘yicha muzokara o‘tkazish va gumanitar yordam yetib borishi uchun quruqlikdagi amaliyotni kechiktirishni so‘ragan. Bu haqda “The New York Times” o‘z manbalariga tayanib xabar berdi. Avvalroq gazeta Amerika va G‘arb siyosatchilarining XAMAS bilan muzokara natijasida ayollar va bolalar garovdan ozod qilinishi mumkinligi to‘g‘risidagi gaplarini keltirgan edi. Shuningdek, yuqori martabali Isroil harbiysi XAMAS ikki fuqaroligi bo‘lgan 50 ga yaqin kishini ozod qilishini aytgandi.
Abror XON,
O‘zA