Qurolli kuchlar davlat muzeyining toifasi yuksaldi
Qurolli Kuchlar davlat muzeyiga Madaniyat vazirligi tomonidan birinchi toifali muzey sifatida faoliyat yuritish guvohnomasi taqdim etildi.
Shu munosabat bilan tashkil etilgan tadbirda Madaniyat vazirligi xodimlari, Mudofaa vazirligi Ma’naviyat va ma’rifat markazi mas’ul ofitserlari, “Veteran” jangchi faxriylar va nogironlar birlashmasi a’zolari, harbiy xizmatchilar hamda talabalar ishtirok etdi.
Muzeylarning tarixiy, moddiy va ma’naviy yodgorliklarni saqlash va targ‘ib qilish orqali yoshlarni ona zaminga sadoqat, ajdodlar qoldirgan ma’naviy merosga hurmat hamda vatanparvarlik ruhida tarbiyalashda munosib o‘rni bor. Ular garchi turli nom va yo‘nalishlarda bo‘lsa-da, o‘z vazifasiga ko‘ra barchasi bir xil ezgu maqsad yo‘lida xizmat qiladi. Siz qay bir muzeyga kirmang, avvalo, moziy bilan yuzlashasiz. Bu yerdan joy olgan har bir eksponat go‘yoki sizga turli davrlarda yashagan ajdodlarimiz hayoti, o‘sha davr madaniyati, ma’naviyati, bebaho san’at durdonalari, ajdodlarimizning ilm-fan sohasida erishgan yutuqlari haqida hikoya qiladi.
Tadbirda so‘zga chiqqanlar ham muzeylarning ahamiyati, ma’naviy qimmati haqida so‘z yuritar ekan, yosh avlodni tarixiy merosimizni asrashga, ularni kelajak avlodlarga qanday bo‘lsa shundayligicha yetkazishga o‘z hissalarini qo‘shishga chorladilar.
Madaniyat vazirligi muzeylar va kutubxonalarni rivojlantirish boshqarmasi bosh mutaxassisi Elyor Mullajonov Qurolli Kuchlar davlat muzeyi rahbariyatiga birinchi toifali muzey sifatida faoliyat yuritish guvohnomasini tantanali ravishda topshirdi.
Harbiy san’atkorlar tomonidan kuylangan kuy-qo‘shiqlar ko‘ngillarga xushnudlik olib kirdi.
[gallery-1290]
Tadbir muzeyning ekspozitsiya zallari bo‘ylab sayohatga ulandi.
– Muzeyimiz har doim kursantlar, askarlar hamda o‘quvchilar bilan gavjum bo‘ladi, – dedi Qurolli Kuchlar davlat muzeyi direktori Musalim Nuritdinov. – E’tibor berayotgan bo‘lsangiz, bugun kelajagimiz egalari bo‘lgan yoshlarga ta’lim-tarbiya berish jarayonida turli usul va vositalardan keng foydalanilmoqda. Ayniqsa, yoshlarda yurtimiz tarixi, madaniyati va boyliklari haqida kengroq tushuncha hosil qilish va ular qalbida vatanparvarlik, yurtga muhabbat hamda faxr-iftixor tuyg‘ularini shakllantirishda muzeylarga uyushtirilayotgan sayohatlarning ahamiyati katta bo‘lmoqda. Chunki yosh avlod bunday maskanlar bilan tanishish orqali tariximiz, taraqqiyotimizning turli davrlari, san’atimiz, adabiyotimiz va madaniy merosimizning o‘ziga xos tomonlari haqida tasavvurlarini kengaytiradi.
Qolaversa, ana shu boyliklarni asrab-avaylab, kelajak avlodlarga ham bus-butun yetkazish mas’uliyatini chuqur his qiladi, dillarida egalik hissi paydo bo‘ladi.
Gulnora HOJIMURODOVA,
Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy
kommunikatsiyalar departamenti