Oliy Majlis Qonunchilik palatasi navbatdagi yalpi majlisida «Qurol to‘g‘risidagi qonunchilik takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish haqida»gi qonun loyihasini xalq vakillari ikkinchi o‘qishda moddama-modda ko‘rib chiqdilar.
Loyihada amaldagi qonunlardagi mavjud tushunchalarini, qurolga aloqador normalarni “Qurol to‘g‘risida”gi qonunga muvofiqlashtirish, qurol va uning o‘q-dorilari muomalasi sohasida davlat tomonidan tartibga solish va nazoratni amalga oshirish vazifalarini Milliy gvardiyadan ichki ishlar organlariga o‘tkazilishi nazarda tutilmoqda.
Loyihani ikkinchi o‘qishga tayyorlash jarayonida havolaki normalar chiqarilib, to‘g‘ridan-to‘g‘ri ishlaydigan moddalar kiritildi.
Loyiha bilan ba’zi qonunlarga ularning mazmuniga ta’sir qilmaydigan tahririy o‘zgartirishlar kiritildi. Ya’ni, “Hayvonot dunyosini muhofaza qilish va undan foydalanish to‘g‘risida”gi qonunning 32-moddasi hamda maxsus organlar va harbiy tuzilmalarini qurollantirish uchun mo‘ljallangan jangovar qurolning ayrim turlariga maxsus xizmat vazifalarga ega yuridik shaxslar ham egalik qilishi mumkinligi amaliyotda jiddiy muammolarni keltirib chiqayotganligi sababli, “Qurol to‘g‘risida”gi qonunning 8-moddasi jangovar va xizmat qurolini farqlanishini belgilashga doir o‘zgartirishlar kiritildi.
Mazkur hujjatning qabul qilinishi qurol egalarining huquqlari va manfaatlari to‘liq tarzda ro‘yobga chiqarilishiga, ularning qurol muomalasi sohasidagi tartib-qoidalarga rioya etilishidagi mas’uliyati oshirilishiga, shuningdek, ularni buzganlik uchun javobgarligi aniq belgilanishiga xizmat qiladi. Qolaversa, qurol muomalasi sohasidagi qonunosti normativ-huquqiy hujjatlarni qayta ishlab chiqishning huquqiy asoslari yaratilishiga, sohani davlat tomonidan tartibga solish va nazoratni amalga oshirish mexanizmi takomillashtirilishiga zarur shart-sharoit yaratiladi.
Majlisda qonun loyihasi deputatlar tomonidan ikkinchi va uchinchi o‘qishda qabul qilindi.
Nurillo NASRIEV, O‘zA