Quritilgan o‘rik – shifobaxsh va totli
Farg‘ona tumanidagi Chimyon va Mindon qishloqlarida istiqomat qiluvchi aholi asosan o‘rik yetishtirish bilan shug‘ullanadi. Ayniqsa, mindonliklar bu yumushning hadisini olgan.
Ayni kunda mazkur mahallada 3 ming 600 dan ziyod kishi istiqomat qiladi. Tolibjon Jo‘raboyev hozirda 50 dan ortiq xonadonda o‘rikni qayta ishlash bo‘yicha kooperatsiya tashkil etib, o‘z xonadonida 30 nafardan ortiq ishsiz ayollar bandligini ta’minlagan tadbirkorlardan biridir.
[gallery-19086]
Tadbirkor besh yildan buyon shu ish bilan shug‘ullanib keladi. U yil davomida o‘rtacha 500 tonnadan ortiq o‘rik mevasini quritib, ichki bozorlarimizdan tashqari Rossiya va Xitoy davlatlariga eksport qilmoqda. Muhimi, ushbu turdagi shifobaxsh va totli mahsulotga buyurtmalar oshmoqda.
– Ishimiz uncha og‘ir emas, - deydi ishchilardan biri Mohira Qiyomova. – Mehnatimizga yarasha haq olyapmiz. Bepul tushlik yo‘lga qo‘yilgan. Bu yerda ishlash biz, qishloq ayollari uchun har tomonlama qulay bo‘lmoqda.
Muqimjon QODIROV (surat), O‘zA