Qurilishi tugallanmagan “dom”larda noqonuniy yashashning oldi olinadi
Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi fraksiyasining yig‘ilishida O‘zbekiston Respublikasida korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risidagi milliy ma’ruza ko‘rib chiqildi.
Ta’kidlanganidek, keyingi yillarda mamlakatimizda korrupsiyaga qarshi kurashish borasida huquqiy va institutsional islohotlar amalga oshirilmoqda. Davlatimiz rahbarining “O‘zbekiston Respublikasida korrupsiyaning oldini olish va unga qarshi kurashish tizimini yanada takomillashtirish to‘g‘risida”gi farmoni bilan Agentlik, huquqni muhofaza qiluvchi va nazorat organlari, ilmiy muassasalar, korrupsiyaga qarshi ichki nazorat bo‘linmalari va fuqarolik jamiyati institutlarining doimiy hamkorligiga asoslangan “Korrupsiyaning oldini olish klasteri” joriy etildi.
Fraksiya a’zolari milliy ma’ruzada aks ettirilgan ma’lumotlarni yanada aniq bayon etish, xalqaro tajribalarni chuqurroq o‘rganish bo‘yicha taklif va tavsiyalarni bildirdi va ma’ruzani qo‘llab-quvvatladi.

Yig‘ilishda, shuningdek, qurilishi tugallanmagan ko‘p kvartirali uylarda noqonuniy yashashning oldini olishga qaratilgan qonun loyihasi ko‘rib chiqildi. Ushbu qonun loyihasi bilan ko‘p kvartirali uylarning qurilishiga mas’ul shaxslar yoki mansabdor shaxslar tomonidan belgilangan tartibda foydalanishga qabul qilinmagan ko‘p kvartirali uylarga fuqarolarning ko‘chib kirishiga yo‘l qo‘yganlik uchun javobgarlik choralari kuchaytirilmoqda.
Muhokama va qizg‘in savol-javoblardan so‘ng qonun loyihasi fraksiya a’zolari tomonidan qo‘llab-quvvatlandi.
M.Komilova,
O‘zA