Qurilishdagi tenderlar shaffof o‘tadi
Tender savdolari mavsumi yangi formatda, shaffof tarzda boshlandi. Qurilish vazirligi elektron tender tizimi ishga tushdi.
Endilikda barpo etiladigan ijtimoiy ob’ektlar qurilishi raqamlashgan tizim orqali yutib olinadi. Keyinchalik barcha qurilishlar shu tizimda qamrab olinadi. Qurilish-pudrat tashkilotlari elektron reytingi (https://mc.uz/qurilish-pudrat-tashkilotlari-elektron-reytingi/) yangilandi va undagi ko‘rsatkichlar orqaligina tanish-bilishsiz tenderda g‘olib bo‘lish mumkin.
Ma’lumki, so‘nggi yillarda qurilish sohasi raqamlashtirilib, ushbu sa’y-harakat va mehnatning samarasi ko‘zga ko‘rina boshladi. "Shaffof qurilish" axborot tizimi ishlab chiqildi. Qurilishdagi elektron tenderlar ham ulkan maqsadlarning bir parchasi bo‘ldi. Elektron reytingda yuqori o‘rinlarni egallagan qurilish tashkilotlarining tenderda yutish imkoniyati katta bo‘ladi. Elektron reyting va elektron tender bir-biri bilan chambarchas bog‘liq.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining "Qurilish sohasida elektron davlat xaridlarini tashkil etish va o‘tkazish tartibini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi qarori ijrosini ta’minlash maqsadida Qurilish vazirligi elektron platformasi yaratildi. Uning ishlash tartibi esa vaqtinchalik nizom asosida belgilandi. Nizomga ko‘ra ishtirokchi (oferent) ob’ektning qiymati va xavf-xatar toifasiga qarab, qurilish tashkilotlarining quyidagi elektron reytingida ijobiy ko‘rsatkichlarga ega bo‘lgandagina tanlovga kiritiladi.
Ishlab chiqilgan vaqtinchalik nizomga ko‘ra, ishtirokchilar ob’ektning qiymati va xavf-xatar darajasi asosida 4 ta toifaga ajratildi. Misol uchun, qurilish ob’ektining umumiy qiymati 1 milliard so‘mgacha bo‘lsa, elektron reytingda "DD" ko‘rsatkichiga ega bo‘lgan qurilish korxonasi, agar ob’ektning qiymati 2 milliard so‘mgacha bo‘lsa, "DDD" ko‘rsatkichiga ega bo‘lgan qurilish korxonalari ishtirok etishi mumkin bo‘ladi.
Hozirgi kunda elektron reytingda yuqori ko‘rsatkichga ega bo‘lgan "BBB" toifasidagi qurilish korxonasi eng past darajadagi xavfga ega bo‘lgan 4 toifadagi tashkilotlar bo‘lib, ular qurilishning umumiy qiymati 110 milliard so‘m va undan yuqori bo‘lgan ob’ektlarni yutib olishi mumkin bo‘ladi.
Tanlovda yagona oferent ishtirok etganda yoki birorta ham oferent ishtirok etmaganda, xarid komissiyasi tanlovga kirish uchun oferentlarga nisbatan qo‘yilgan elektron reyting bahoni pasaytirish huquqiga ega.
O‘zA