Qurilish sohasining yirik ko‘rgazmasi ish boshladi (+video)
25 fevraldan “O‘zekspomarkaz” pavilonlarida “Qurilish – UzBuild 2025” 26-xalqaro ko‘rgazmasi ish boshladi.
Markaziy Osiyo qurilish sanoatining yirik namoyishi bo‘lgan ushbu tadbir zamonaviy qurilish texnikasi va materiallari ishlab chiqaruvchilari, mahsulot yetkazib beruvchilariga sohadagi eng so‘nggi yechimlar bilan tanishish uchun qulay maydon hisoblanadi. Ekpozitsiyaning juda keng assortimenti qurilish jarayonini g‘oyadan tortib, to tayyor mahsulotgacha qamrab oladi.
Bu yerga tashrif buyuruvchilar o‘zlari uchun ko‘plab yangiliklarni kashf etishadi, zamonaviy qurilish tendensiyalari bilan yaqindan tanishishadi, hamkorlar topishadi, teng manfaatli shartnomalar tuzishadi. Zotan ko‘rgazmada 21 mamlakatdan 400dan ortiq kompaniya va taniqli brendlar ishtirok etmoqda.
E’tiborli tomoni bu yilgi ko‘rgazmada qo‘shni respublikalardan ham ko‘plab tadbirkorlar, kompaniya vakillari o‘z mahsulotlari bilan ishtirok etmoqda.
Shuningdek, espozitsiyada namoyish etilgan mahsulot va uskunalarga katta qiziqish bildirishyapti.
O‘zbekistonning yashil energetikani rivojlantirish siyosati ko‘rgazma ruhiga ham sezilarli ta’sirko‘rsatgan. Bu yerda tejamkor texnologiyalarga asoslangan dekorativ yoritish tizimlari, maxsus pol qoplamalari, quyosh panellari, energotejamkor isitish tizimlari, “Aqlli uy” texnologiyasini uchratish mumkin.
Ko‘rgazma doirasida xalqaro sanoat anjumani o‘tkazilib, qurilish sohasidagi ilg‘or yechimlarning taqdimotlari bo‘lib o‘tadi.
Tadbir ishtirokchilari orasida eng ko‘p 132ta kompaniyasi bilan qatnashgan Xitoy ishbilarmonlari birinchi o‘rinda, Turkiya, Germaniya, Buyuk Britaniya va Qozog‘iston kompaniyalari keyingi o‘rinlarni band etgan.
Ishtirokchilar va ko‘rgazmaga qiziquvchilar ko‘pligini inobatga olib, namoyishlar uchun yana bir qo‘shimcha maydon Yangi O‘zbekistonda joylashgan “SAEX” ko‘rgazma zali pavilonlaridan joylar ajratildi. Unda xorijiy va mahalliy ishlab chiqaruvchilarimiz tomonidan yangi mahsulotlar, qurilish texnikalari namoyish etilgan. Masalan, birgina Texnopark tomonidan o‘nlab innovatsion mahsulotlar taqdim qilindi. Ular orasida sovutish tizimlari, chillerlar, multisplit va ustunli konditsionerlar, quyosh suv isitgichlari va tijorat muzlatgichlar, issiqlik nasoslari, gaz va qattiq yonilg‘i qozonlari, liftlar va boshqa o‘nlab yangi yechimlar.
<iframe width="640" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/eK1aQD5VMqY" title="Qurilish sohasining yirik ko‘rgazmasi ish boshladi" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Xullas, ko‘rgazmaga kelgan har bir inson mebel ishlab chiqarish sohasidagi ko‘plab yangiliklarni bilib oladi. Namoyishlar 27 fevralgacha davom etadi.
Sanjar Toshpo‘latov, Doniyor Yakubov, Ulug‘bek To‘xtayev (video), O‘zA