Qurilish sohasiga oid islohotlar
Oʻzbekiston Respublikasida biznes muhitini yanada yaxshilash va tadbirkorlikni qoʻllab-quvvatlash borasida qator islohotlar amalga oshirilmoqda.
Oʻzbekiston Respublikasida biznes muhitini yanada yaxshilash va tadbirkorlikni qoʻllab-quvvatlash borasida qator islohotlar amalga oshirilmoqda.
Shu jumladan, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 05.02.2019-yildagi “Jahon banki va Xalqaro moliya korporatsiyasining “Biznes yuritish” yillik hisobotida Oʻzbekiston Respublikasining reytingini yaxshilashga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi PQ-4160-sonli qarori hamda 20.11.2019-yildagi “Mamlakatda biznes muhitini yanada yaxshilash va tadbirkorlikni qoʻllab-quvvatlash tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-4525-sonli qarori mamlakatdagi ishbilarmonlik muhitini yaxshilashda katta ahamiyat kasb etdi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining PQ-4525-sonli qarorida qurilish uchun ruxsatnomalar berish, elektr taʼminoti tizimiga ulanish, koʻchmas mulkni roʻyxatdan oʻtkazish, kredit berish hamda toʻlovga qobiliyatsizlikni hal etish yoʻnalishlaridagi islohotlarning amaliyotga tatbiq etilishi yetarli emasligi natijasida “Biznes yuritish” yillik hisoboti tegishli indikatorlari boʻyicha mamlakatning reytingdagi oʻrni pastligicha qolayotganligi qayd etib oʻtilgan.
Darhaqiqat, soʻnggi yillarda barcha sohalar kabi, qurilish sohasida ham qator islohotlar amalga oshirilishiga qaramasdan, ularning mazmun-mohiyati joylardagi ijrochilarga hamda fuqarolar va tadbirkorlarga yetib bormayotganligi, qonun hujjatlarini amaliyotda notoʻgʻri qoʻllash natijasida Oʻzbekiston qurilish sohasida “Biznes yuritish” (“Doing Business-2020”) yillik hisobotida bor yoʻgʻi ikki pogʻonaga koʻtarila oldi (134-oʻrindan 132-oʻringa), holbuki qabul qilingan normativ-huquqiy hujjatlarning amaliyotga toʻliq va toʻgʻri tatbiq etilishi bilan ancha yaxshi koʻrsatkichlarga erishish mumkin edi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2020-yilda ustuvor yoʻnalishlar boʻyicha islohotlarni jadallashtirish, bu boradagi maqsadli parametrlarni belgilash va taʼminlash masalalariga bagʻishlangan yigʻilishda ham qurilish sohasida bugungi kunga qadar eski standart va meʼyorlar saqlanib qolayotganligi, yangi innovatsion yechimlar va loyihalar ustida ishlovchi mutaxassislar tayyorlashga umuman eʼtibor qaratilmayotganligi, shuningdek loyiha-smeta hujjatlarini ekspertizadan oʻtkazish, qurilishga ruxsatnomalar berish va kelishish jarayonlari qogʻoz shaklida amalga oshirilayotganligi, mutasaddi tashkilotlarda oʻzaro elektron hamkorlik yoʻlga qoʻyilmaganligini tanqid ostiga olgan edi.
Shunga muvofiq, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining PQ-4525-son qarorida 2020-yilning 1-yanvariga qadar qurilish-montaj ishlarini boshlash uchun tadbirkorlik subyektlari tomonidan xabarnoma yuborish tartibini bekor qilish (markazlashtirilgan manbalar hisobidan moliyalashtiriladigan qurilish obyektlari bundan mustasno) hamda obyektning zilzilaga bardoshliligi va yongʻin xavfsizligi boʻyicha loyiha hujjatlari yuzasidan ijobiy ekspertiza xulosasi va qurilish ishtirokchilari toʻgʻrisidagi maʼlumotni davlat xizmatlari markazlari tomonidan bir vaqtda tadbirkorlik subyektlari va hududiy qurilish sohasidagi nazorat inspeksiyalariga obyektni roʻyxatdan oʻtkazish uchun yuborishni nazarda tutuvchi Vazirlar Mahkamasi qarori loyihasini kiritish vazifasi belgilanganligi bu sohada yanada keng koʻlamli islohotlarni amalga oshirish imkoniyatini yaratdi.
Mazkur topshiriqning toʻgʻri va sifatli, amaliyotdagi muammolarni hisobga olgan holda ijro etilishi qurilish sohasida olib borilayotgan islohotlarning samaradorligini oshirish, mamlakatdagi biznes muhitini yaxshilash (bugungi kunda qurilish sohasining mamlakat iqtisodiyotidagi koʻlami juda katta ahamiyatga ega), shuningdek respublikaning xalqaro reytinglardagi, shu jumladan “Doing Business” yillik hisobotidagi mavqeini yaxshilashga katta taʼsir koʻrsatadi.
Shunga muvofiq, Davlat xizmatlari agentligi tomonidan qurilish sohasiga oid normativ-huquqiy hujjatlar bazasini yaxshilash va ruxsat berish tartib-tamoillarini soddalashtirish maqsadida quyidagilar taklif qilinadi:
– shaharsozlik normalari va qoidalarini zamonaviy texnologiya imkoniyatlaridan va xorijiy tajribadan kelib chiqib qayta koʻrib chiqish va qisqa fursatda tasdiqlash;
– qurilish maydonining topografik suratini tayyorlash, chegara belgilash va arxitektura rejalashtirish topshirigʻini ishlab chiqish davlat xizmat
larini murojaatchilarning ixtiyoriga koʻra kompozit tartibda koʻrsatish tizimini joriy etish;
– keraksiz tartib taomillar (loyihalash topshirigʻini tasdiqlash, ishchi umumiy rejani tasdiqlash va h.z.)ni toʻliq yoʻqotish;
– loyiha-smeta hujjatlarini kelishish davlat xizmatining oʻrniga, tayyor loyiha-smeta hujjatlarini hamda ijobiy ekspertiza xulosalarini Davlat xizmatlari markazlari orqali yoki Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali hududiy qurilish boshqarmasiga hamda qurilish sohasida nazorat boʻyicha hududiy inspeksiyalarga yuborish orqali qurilish-montaj ishlarini boshlashga ruxsat berish tartibini joriy etish;
– loyiha-smeta hujjatlarini ekspertiza qilish jarayonini optimallashtirib, ishchi loyiha va ekspertiza xulosalarini parallel ravishda bir vaqtning oʻzida vakolatli organlar bilan kelishish (talab etilganda) tartibotini amaliyotga tatbiq etish (qonunchilikda ekspertiza qilish muddati 15 kun qilib belgilangan boʻlsada, jarayonlar zanjirining uzilganligi, har bir biznes protsess ketma-ketlik asosida amalga oshirilganligi sababli xizmat koʻrsatish muddati 45 kundan 64 kungacha choʻzilishi mumkin);
– davlat tasarrufidagi ekspertiza tashkilotlari tomonidan loyiha-smeta hujjatlarini ekspertizadan oʻtkazish boʻyicha davlat xizmatlarini koʻrsatishning maʼmuriy reglamentini ishlab chiqish;
– davlat xizmatlari koʻrsatish biznes jarayonini BPR texnologiyalaridan foydalangan holda optimallashtirish va “G2G” modelini (davlat idoralarining oʻzaro axborot almashinuvi) rivojlantirish.
Yuqoridagi chora-tadbirlarning amaliyotga tatbiq etilishi bilan qurilishga ruxsat berish tartib-taomillarini tubdan soddalashtirishga, korrupsiagen va sansalorlik holatlarining oldi olinishiga, davlat xizmatlari koʻrsatish jarayonlari (3 taga) va muddatlarining keskin qisqartirilishiga, eng muhimi “Doing Business” yillik hisobotida mamlakatning aynan qurilishga ruxsat berish indikatori boʻyicha birinchi 30 talik davlatlar qatoriga kirishiga erishiladi.
X.Ochilov,
Davlat xizmatlari agentligi
Toshkent shahar boshqarmasi
boshligʻi