Qurilish sohasidagi nazoratga sun’iy intellekt bosqichma bosqich joriy etilmoqda
Prezidentimizning 2025-yil 14-apreldagi tegishli farmoniga asosan o‘tgan yilning 1-iyulidan boshlab hududiy inspeksiyalarda “Qurilish obektlarini onlayn kuzatish markazi” faoliyati yo‘lga qo‘yildi hamda “ianazorat.uz” platformasi ishga tushirildi.
Bugungi kunda Xorazm viloyatida ham obektlarga o‘rnatilgan kuzatuv kameralari ushbu platformaga integratsiya qilinib, qurilish jarayonlari masofadan turib doimiy monitoring qilinmoqda. Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev tomonidan joriy yilning 14-aprel kuni o‘tkazilgan Uy-joy qurilishi va urbanizatsiya sohasiga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishida qurilish sohasida shaffoflikni ta’minlash, inson omilini kamaytirish hamda korrupsion holatlarning oldini olish bo‘yicha muhim vazifalar belgilab berildi.
Xususan, avval kuzatuv kameralari asosan mahalliy byudjet mablag‘lari hisobidan qurilayotgan obektlarga o‘rnatilishi belgilangan bo‘lsa, endilikda tizim imkoniyatlari yanada kengaytirilib, qiymati 3 milliard so‘mdan yuqori hamda inspeksiyadan ro‘yxatdan o‘tgan obektlarni ham bosqichma-bosqich onlayn kuzatuv tizimiga ulash vazifasi belgilab berildi.
- Hozirgi kunda Xorazm viloyati bo‘yicha 100 tadan ziyod obektlarga 400 tadan ortiq kuzatuv kameralari o‘rnatilib, tizimga ulangan, - deydi viloyat hududiy qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi nazorat inspeksiyasi axborot xizmati rahbari Shahnoza Qalandarova. - Joriy yilning 1-avgustiga qadar qo‘shimcha 270 ta ob’ektni tizimga ulash rejalashtirilgan.
[gallery-29700]
Bundan tashqari, nazorat tadbirlariga jalb qilingan maxsus guvohnomaga ega xodimlarimiz zamonaviy planshetlar, ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirish uchun mo‘ljallangan maxsus planshetlar hamda bodi kameralar bilan ta’minlangan. Eng muhimi, bodi kameralar orqali olib borilgan nazorat jarayonlari ham Onlayn kuzatish markazi orqali monitoring qilinmoqda. Bu esa tizimda ochiqlik va shaffoflikni ta’minlash, inson omilini kamaytirish hamda korrupsion holatlarning oldini olishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Ahmadjon Shokirov, Behzod Saidov(surat), O‘zA