Qurilish sohasida ilmiy izlanayotgan Muhayyo
FOTOREPORTAJ
O‘zining iqtidori, g‘oya va tashabbuslari, ibratli amaliy ishlari va erishgan yutuqlari bilan yoshlarga o‘rnak bo‘lib kelayotgan, ijtimoiy-iqtisodiy hayotimizdagi o‘zgarishlar jarayonida faol ishtirok etib, Vatanimiz ravnaqi yo‘lida bor kuch-g‘ayrati, bilimi va salohiyatini namoyon etayotgan qizlar qatorida Farg‘ona politexnika institutining qurilish fakulteti 4-bosqich talabasi Muhayyo Yo‘ldosheva ham bor. U joriy yilda Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti bilan taqdirlandi.
Muhayyo oila a’zolari, yaqinlari hamda ustozlarining qo‘llab-quvvatlashi tufayli ilm-fanning muhim yo‘nalishlaridan biri – qurilish sohasida ko‘plab yutuqlarni qo‘lga kiritib kelmoqda. Ilmiy izlanishlari natijasida qurilish sohasida viloyat IT grant loyihasining “3Ds max” yo‘nalishi bo‘yicha RTM markazida ta’lim olish imkoniyatini qo‘lga kiritgan. 2021-2023 yil mobaynida xalqaro va respublika ilmiy nashrlarida qurilish materiallari ishlab chiqarish muammolari yechimiga oid 30 ga yaqin ilmiy maqola va tezislari AQSH, Rossiya, Germaniya va Hindiston davlatlari nashrlarida chop etilgan.
[gallery-20152]
Qahramonimiz Yoshlar ishlari agentligi, “Westministeracademy” va “Uzbekistonvolunteerassociation” forumida sertifikat bilan taqdirlangan. “Qurilish materiallari sanoatida issiqlik texnikasi” fanidan ma’ruzalar to‘plami va uslubiy ko‘rsatmalar muallifi hamdir. 2023 yil Rossiyada o‘tkazilgan “Proyektno-issledovatelskaya deyatelnost uchaixsya studentov 2022-2023 uchebnogo goda” tanlovi g‘olibi bo‘lgan. Shuningdek, “Ekologiya planetы-delokajdogo cheloveka” nomli xalqaro tanlovida ham faxrli o‘rinni qo‘lga kiritgan. IQ-Certification.com saytida bo‘lib o‘tgan IQ testlarida faol ishtirok etgan. Axborot kommunikatsiya texnologiyalaridan unumli foydalanib, ingliz hamda koreys tillarida kitoblar mutolaa qiladi. Ilm-fan hamda qurilish sohasiga oid yangiliklardan doimiy tarzda foydalanib keladi.
– Mamlakatimizda xotin-qizlarning ilm-fan bilan shug‘ullanishlari uchun barcha sharoit yaratib berilmoqda, - deydi Muhayyo. – Keyingi yillarda yurtimizda ko‘plab uy-joylar, ta’lim muassasalari, shifoxonalar, yirik zavodlar, yo‘llar va ko‘priklar qurildi. Soha uchun zarur ashyolarni o‘zimizda ishlab chiqarish o‘zlashtirilyapti. Natijada, qurilish jarayoni mahalliy mahsulotlar bilan ta’minlanyapti. Shu bois ham men, qurilish materiallari ishlab chiqarish muammolari yechimiga munosib hissa qo‘shish harakatidaman. Oldinda bir-biridan katta va hayotimga mazmun beradigan maqsadlar, orzular bisyor. O‘qishni davom ettirib, mamlakatimiz ilm-fani hamda qurilish sohasiga o‘z hissamni qo‘shmoqchiman. Men kabi qizlarning o‘z kelajagini yaratib olishi uchun imkon bergan, qo‘llab-quvvatlagan davlatimizga halol mehnatim orqali munosib javob qaytarish niyatidaman.
Mashaqqatli ilmni mahkam tutib, quvonarli yutuqlarga erishayotgan Muhayyo tom ma’noda Yangi O‘zbekistonning barkamol avlod vakillaridan biri ekanligi, shubhasiz.
Muqimjon QODIROV (surat), O‘zA