“O‘zstandart” agentligi huzuridagi departament hamda “O‘zsanoatqurilishmateriallari” uyushmasi hamkorligida “Qurilish materiallari: sifat va nazorat” mavzuida matbuot anjumani tashkil etildi.
Ta’kidlanishicha, joriy yilning o‘tgan davrida qurilish materiallari ishlab chiqaruvchi 349 ta korxona faoliyati o‘rganilib, 132 tasida kamchiliklar, 64 ta holatda standartlar joriy etilmaganligi aniqlandi. 282 ta holatda korxonalarga sohaga oid masalalarda amaliy yordam ko‘rsatildi. Profilaktika tadbirlari davomida o‘rganilgan korxonalarning mas’ullari sohaga oid qonunchilik bilan tanishtirildi. Shuningdek, hududlardagi 13 ta gazobeton ishlab chiqaruvchi korxona va 26 ta yangi loyiha holati joyiga chiqqan holda o‘rganildi. Hozirgi kunda avtoklav va avtoklavsiz gazobeton mahsulotlari 3 ta (1982-2007 yillarda qabul qilingan) standartlar asosida ishlab chiqarilmoqda.

Matbuot anjumanida sifatsiz qurilish materiallari ishlab chiqarishning oldini olish bo‘yicha olib borilayotgan ishlar haqida ham ma’lumot berildi.
Anjuman doirasida “O‘zsanoatqurilishmateriallari” uyushmasi ilmiy-tadqiqot va injiniring markazi direktori Saidahmad Razzoqov O‘zA muxbirining mavzuga oid savoliga javob berdi.
– Qurilish materiallari, xususan, sement narxi nega aynan qurilish mavsumida oshadi?

– Narxni shakllantirishga to‘siq qo‘ya olmaymiz, ya’ni talab oshsa narx ham oshadi, — dedi S.Razzoqov. — Biz buni chegaralay olmaymiz. Statistikaga e’tibor bergan bo‘lsangiz, qurilishda talab yuqori bo‘lgan materiallarning ishlab chiqarish hajmi oshirilyapti. 2019 yilda sement ishlab chiqarish quvvati bor-yo‘g‘i 6,5 million tonna edi. bugungi kunda bu ko‘rsatkich 14,5 million tonna. 2024 yilga borib sement ishlab chiqarishni 25 million tonnaga yetkazamiz. Mahsulot qancha ko‘p ishlab chiqarilsa, talab ortgani bilan narxning o‘sishiga salbiy ta’sir ko‘rsatmaydi. O‘shanda narxlar barqaror bo‘ladi.
Shahnoza MAMATUROPOVA, O‘zA