Qurilish materiallari sanoatida qanday natijalarga erishilmoqda? – Mutaxassis javob berdi
Bugun “O‘zsanoatqurilishmateriallari” uyushmasida joriy yilning to‘qqiz oyida erishilgan natijalarga bag‘ishlangan ochiq muloqot va matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi. Unda soha mutasaddilari, tadbirkorlar hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.
Tadbirda “O‘zsanoatqurilishmateriallari” uyushmasi raisi Ilyos Rahimov so‘zga chiqib, qurilish materiallari sanoatida ishlab chiqarish va eksport ko‘rsatkichlari, mahalliylashtirish, ekologik talablarni ta’minlash hamda tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlash borasida amalga oshirilayotgan ishlar haqida ma’lumot berdi.
Bugungi kunda qurilish materiallari sanoati iqtisodiyotning yetakchi yo‘nalishlaridan biriga aylanmoqda. Aholini arzon va sifatli uy-joy bilan ta’minlashga qaratilgan islohotlar natijasida mamlakatda bunyodkorlik ishlari ko‘lami kengayib, import o‘rnini bosuvchi, mahalliy va raqobatbardosh qurilish materiallariga talab ortib boryapti.
Tadbirda ma’lum qilinganidek, 2009-2016-yillarda O‘zbekistonda 8 700 ta xonadonli uy-joy qurilgan bo‘lsa, 2023-yilda bu ko‘rsatkich 85 mingta, 2024-yilda esa 100 mingtani tashkil etgan. Joriy yilda 140 mingta, 2028-yilga borib esa yiliga 160 mingta xonadon qurish maqsad qilingan. Bunday keng ko‘lamli qurilish ishlarida mahalliy qurilish materiallari ishlab chiqaruvchilari ham muhim o‘rin tutmoqda.
Bugungi kunda sohada faoliyat yuritayotgan ishlab chiqaruvchi korxonalar soni 10 ming 400 dan oshgan. 2025-yilda 52,6 trillion so‘mlik mahsulot ishlab chiqarilib, eksport hajmi 1 milliard 200 million dollarni tashkil etgan.
Joriy yilda ishlab chiqarish hajmini 65 trillion so‘mga, eksportni 1 milliard 500 million dollarga yetkazish, 2 milliard 800 million dollarlik xorijiy investitsiya jalb qilish hamda mahalliylashtirish dasturi doirasida 7,5 trillion so‘mlik mahsulot ishlab chiqarish rejalashtirilgan.
Ilyos Rahimovning ma’lum qilishicha, joriy yilning to‘qqiz oyida sohada 46,8 trillion so‘mlik mahsulot ishlab chiqarilgan. Bu o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 17,7 foiz o‘sishni anglatadi. Eksport hajmi 1 milliard 100 million dollarga yetib, 1,4 barobar oshgan. Xorijiy investitsiyalar hajmi 3 milliard 500 million dollarni tashkil etib, 176 foiz o‘sish qayd etilgan. Mahalliylashtirish dasturi doirasida esa 5,5 trillion so‘mlik mahsulot ishlab chiqarilib, o‘sish 16,3 foizni tashkil etgan.
O‘n yil avval mamlakatimiz qurilish sohasida mahalliy qurilish materiallarining ulushi 35-40 foizga ham yetmagan. Bugungi kunda esa O‘zbekistonda qurilayotgan uy-joylarda foydalaniladigan qurilish materiallarining 98 foizi mahalliylashtirilgan.
[gallery-31932]
2026-yil 1-iyuldan qurilishda ishlatiladigan materiallar umumiy hajmining kamida 25 foizi ekologik toza, resurs tejamkor va energiya samarador mahsulotlardan iborat bo‘lishiga oid talabni tekshirish amaliyotini joriy etish belgilangan. Qurilish chiqindilarini qayta ishlash va ulardan takroran foydalanish tartibi ham belgilandi. Bundan tashqari, past quvvatda ishlayotgan 29 ta korxona faoliyati o‘rganilib, elektr energiyasi, gaz ta’minoti, xomashyo va eksport bilan bog‘liq muammolarni hal etishda amaliy yordam ko‘rsatildi.
Ochiq muloqotda tadbirkorlar ham o‘zlarini qiynayotgan masalalarni ko‘tarib, soha rivojiga oid takliflarini bildirdi.
Jumladan, “Start Mix” kompaniyasi menejeri Sherzod Abdullayev korxona mahsulotlariga ichki bozorda, shuningdek, Qirg‘iziston, Afg‘oniston va Qozog‘istonda talab yuqori ekanini, biroq ishlab chiqarish quvvati yetarli emasligi sababli barcha buyurtmalarni to‘liq qondirish imkoni cheklanayotganini aytdi.
– Elektr energiyasi bilan bog‘liq muammolar tufayli korxonamizni Yakkasaroy sanoat zonasiga ko‘chirdik va bu masalani hal qildik. Ammo eskirgan uskunalar sababli ekologik muammolar va chiqindilar ko‘paymoqda. Buni bartaraf etish uchun yangi uskunalar xarid qilishimiz kerak. Buning uchun 250 mingdan 300 ming dollargacha mablag‘ talab etiladi. Hozirda xitoylik hamkorlar bilan muzokaralar olib boryapmiz. Aynan shu masalalar yuzasidan bugungi ochiq muloqotda ishtirok etib, mutasaddilarga takliflarimizni bildirdik. Ular uskunalar xarid qilish va eksport bozorlariga chiqish masalalarida ko‘mak berishga tayyor ekanliklarini ta’kidlashdi, – dedi Sh.Abdullayev.
Oflayn va onlayn formatda tashkil etilgan ochiq muloqot yakunida qurilish materiallari ishlab chiqaruvchilari va eksportyorlarning muammolari tinglanib, sohani yanada rivojlantirishga qaratilgan taklif va tashabbuslari muhokama qilindi. OAV vakillari esa o‘zlarini qiziqtirgan savollarga mas’ullar va tadbirkorlardan javob oldi.
Nasiba Ziyodullayeva,
Oybek Pardayev (surat),
O‘zA