Qurg‘oqchilik uchun qanday yechimlar taklif qilinyapti?
Qishloq xo‘jaligi vaziri Ibrohim Abdurahmonov Turkiy davlatlar tashkiloti (TDT)ning Vengriyadagi vakolatxonasi ijrochi direktori, Qurg‘oqchilikning oldini olish instituti Kuzatuv kengashi raisi Balaj Xendrik bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Muloqot davomida qishloq xo‘jaligi sohasidagi ko‘p tomonlama hamkorlikni rivojlantirish, Turkiy davlatlar tashkilotiga a’zo mamlakatlar o‘rtasida agrar ilm-fan va innovatsiyalar almashinuvini kengaytirish, suv tejovchi texnologiyalarni joriy etish hamda iqlim o‘zgarishi sharoitida sohaning barqarorligini ta’minlash masalalari muhokama qilindi.
Uchrashuvda Balaj Xendrikning V Toshkent xalqaro investitsiya forumi doirasida tashkil etilgan “Suv resurslari, energetika va oziq-ovqat o‘rtasidagi o‘zaro bog‘liqlik: iqlim o‘zgarishiga bardoshlilik va qishloq xo‘jaligiga investitsiyalar” mavzusidagi panel sessiyasida ma’ruzachi sifatida ishtirok etgani ham qayd etildi.
Tomonlar Turkiy davlatlar tashkilotining Vengriyadagi vakolatxonasi platformasi orqali qo‘shma loyihalarni amalga oshirish, ilmiy-tadqiqot muassasalari o‘rtasida hamkorlikni mustahkamlash hamda qurg‘oqchilikka qarshi kurashish bo‘yicha ilg‘or tajribalarni O‘zbekistonda joriy etish imkoniyatlarini ko‘rib chiqdi.
Shuningdek, zamonaviy agrotexnologiyalardan foydalanish, suv resurslarini samarali boshqarish va oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash yo‘nalishlarida hamkorlikni yanada faollashtirish masalalari yuzasidan fikr almashildi.
Uchrashuv yakunida o‘zaro hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqish, amaliy natijalarga qaratilgan tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlash va istiqbolli loyihalarni birgalikda amalga oshirish bo‘yicha kelishuvga erishildi.
Muhayyo Toshqorayeva,
O‘zA