Buxoro viloyati Peshku tumanida qum-shag‘al xomashyosini noqonuniy qazib olish holati aniqlandi.
Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamentining Peshku tumani bo‘limi tomonidan Tog‘-kon geologiya va sanoat xavfsizligini nazorat qilish inspeksiyasi xodimlari bilan hamkorlikda tergovga qadar tekshiruv o‘tkazilgan.
Natijada “K.S.” MCHJga qarashli qum-shag‘al konida kon ajratmasi bo‘yicha belgilangan chegaradan tashqarida 11,8 ming kub qum-shag‘al aralashmasi noqonuniy ravishda qazib olinganligi aniqlandi. Ma’lum bo‘lishicha, davlat va jamiyat manfaatlariga 153,7 million so‘m zarar yetkazilgan.
Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining tegishli moddasi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri