Qulupnayni “aqlli” issiqxonada yetishirishning samarasi (+video)
Toshkent viloyatining Yuqori Chirchiq tumanida qulupnay yetishtirishga ixtisoslashgan “smart” issiqxona loyihasining ochilish marosimi bo‘li bo‘tdi. Ushbu ob’ekt Koreya Respublikasining nufuzli kompaniyasi tomonidan amalga oshirilib, qishloq xo‘jaligida ilg‘or texnologiyalarni joriy etish va tarmoqni modernizatsiya qilishga qaratilgandir.
Tadbirda Qishloq xo‘jaligi vaziri o‘rinbosari hamda Koreya Respublikasining O‘zbekistondagi elchixonasi vakillari, olimlar, fermerlar ishtirok etdi. Mazkur loyiha zamonaviy “smart” texnologiyalari asosida hosildorlikni oshirish, resurslarni tejash va yil davomida barqaror mahsulot yetishtirish imkonini beradi. Shu bilan birga, u agrar sohada xalqaro tajriba va innovatsiyalarni keng joriy etishda muhim ahamiyat kasb etadi.
- Men 2017-yil 20oktabrda tadbirkorlikni boshladim va “Firmmit” kompaniyasini tashkil qildim, - deydi “Firmmit” kompaniyasi direktori Pak Son Ki. - Bu issiqxona eski bo‘lib, tashlab qo‘yilgan va foydalanib bo‘lmaydigan holatda edi. Hajmi taxminan yarim gektar bo‘lib, bu yerda 30 ming tup ekilgan. Har bir tupdan odatda 1.2 - 1.5 kg gacha qulupnay olinadi. Bizning navning xususiyati shundaki, mevasini katta yoki kichik bo‘lishini boshqarish mumkin. Lekin shaxsan men katta mevani yoqtiraman. Shakar miqdori yuqori va harorat oshgan sari ta’mi yanada yaxshilanadi. Shu sababli biz O‘zbekiston sharoitiga mos navni ishlab chiqdik.
Men tuproqda emas, asosan gidroponika, ya’ni suvda yetishtirishni qo‘llayman. Sababi, tuproqqa o‘tqazilganda o‘simlikda ta’m bir xil bo‘lmasligi mumkin. Lekin gidroponikada ozuqa bir xil berilgani uchun ta’m, meva va hosil ham bir xil bo‘ladi. Bu usulda suv va ozuqa miqdorini to‘liq nazorat qilish mumkin. Har bir fermer bir xil usulda ishlaydi va bu jarayon markazdan boshqariladi. Chunki, yer osti suvlari har joyda turlicha, bu esa ta’mga ta’sir qiladi. Biz buni o‘z dasturiy ta’minotimiz orqali bartaraf etamiz.
Shuningdek, bu yerda yetishtirilgan qulupnaylarni Rossiya va Qozog‘istonga eksport qilamiz.
Loyiha doirasida qulupnayning Koreya seleksiyasiga mansub, O‘zbekiston uchun yangi bo‘lgan “FIRMMIT” navi taqdimoti o‘tkazilib, uning hozirgi an’anaviy navlardan ustun jihatlari haqida ma’lumot berildi. Aytildiki, mazkur nav yuqori hosildorligi, sifati, bozorbopligi va ayniqsa issiqxona sharoitiga tez moslashuvchanligi bilan mahalliy navlardan ajralib turadi. Bu kabi issiqxonalarni xattoki masofadan turib ham boshqarish mumkin bo‘ladi.
<iframe width="560" height="315" src="https://www.youtube.com/embed/RAGuhFRaac8?si=KRLeEzhWHNmk4asZ" title="YouTube video player" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Sanjar Toshpo‘latov, Iskandar Ismatov, O‘zA