Qulupnaydan yuz millionlab so‘m daromad
FOTOREPORTAJ
Keyingi yillarda yurtdoshlarimizning tomorqadan foydalanish samaradorligi sezilarli darajada oshib bormoqda. Ko‘plab fuqarolar tomorqasidan mo‘may daromad olib, ro‘zg‘orini but qilyapti, shu orqali oilasining farovonligini ta’minlayapti.
Farg‘ona viloyati Quvasoy shahridagi “Bog‘bon” MFY hududida istiqomat qiluvchi Ro‘ziboy Mamajonov ham tomorqadan unumli foydalanib kelayotgan hamyurtlarimizdan biri. Uning mahalladoshlarini o‘z ortidan ergashtirayotgani ham alohida e’tirofga loyiqdir.
– Mahallamizda 5 mingdan ziyod aholi istiqomat qiladi, - deydi mazkur MFY hokim yordamchisi Sanobar Solijonova. – Hududimizning drayveri bog‘dorchilik, dehqonchilik hisoblanadi. Ro‘ziboy Mamajonov singari tajribali tomorqachilarimiz faoliyati sabab, aholimiz tomorqadan unumli foydalanish farovonlik omili ekanligini amalda his qildilar. Shu bois, o‘z tomorqasida olayotgan daromadni yanada ko‘paytirish uchun qulupnay va malinachilikni yo‘lga qo‘yayotganlar safi ortib bormoqda. Quvonarlisi, ularning eng tajribalilari sitrus mevalar yetishtirishga ham harakat qilishyapti.
– Yaqin-yaqingacha men ham tomorqadan mo‘may daromad olishga ishonmasdim, - deydi Ro‘ziboy Mamajonov. – Ijtimoiy tarmoqlarda tajribali tomorqachilarning faoliyatini kuzatib borib, fikrim o‘zgardi. Uyimizga yaqin fermer xo‘jaligidan ozgina joyni ijaraga olib, qulupnaychilikni yo‘lga qo‘ydim. Dastlabki yildayoq kutganimdan ancha ko‘p daromad oldim. Shu-shu tomorqachi bo‘ldim-qoldim. Shunga ham besh yil bo‘libdi!
Ro‘ziboy Mamajonovning faoliyati bilan yaqindan tanishib, amin bo‘ldikki, u bu darajaga osonlikcha erishmagan. Qulupnay yetishtirish ilmini obdon o‘rgangan. Bu borada samarador bo‘lgan Yevropa tajribasini o‘z faoliyatida qo‘llagan.
[gallery-21615]
– Faoliyatimni kengaytirish uchun o‘tgan 2024 yilda 3 sotixli issiqxona qurdim, - deya davom etadi tajribali tomorqachi. – Issiqxona qurish uchun 100 million so‘mga yaqin xarajat qildim. Hozirgi kunda yangi issiqxonada 50 ming tupga yaqin qulupnay ko‘chati parvarishlayapman. Nasib qilsa, aprel oyida ularni xaridorlarga yetkazib beraman. Dastlabki hisob-kitobimga ko‘ra, birinchi hosildayoq issiqxona xarajati ortig‘i bilan qoplanar ekan. Bu yil ham yana bitta issiqxona barpo etishni rejalashtirib turibman. Maqsadim – kelgusida mahallamizda qulupnaychilik sohasida korporatsiya tashkil etib, ko‘plab yoshlarni ish bilan ta’minlash. Bu borada MFY faollari bilan hamkorlikda ish olib boryapmiz.
Muqimjon QODIROV (surat), O‘zA