Qaror va ijro
Keyingi paytlarda Toshkent viloyatida issiqxona xo‘jaliklari faoliyati ancha rivojlandi. Bu orqali joylarda eksportbop va raqobatbardosh qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini uzluksiz yetishtirish, qishloq aholisi bandligini ta’minlash va daromadini yanada oshirishga qulay sharoit yaratilmoqda.


Hozir hududda 1 ming 400 gektarga yaqin yer maydonida issiqxonalar tashkil etilgan bo‘lib, shundan 150 gektarga yaqinida gidroponika, qolgan maydonlarda esa oddiy usulda dehqonchilik qilinmoqda. Muhimi, viloyat mirishkorlari tomonidan yetishtirilgan mahsulotlar mahalliy bozorlarni ta’minlash bilan birga xorijga ham eksport qilinmoqda.
Prezidentimizning 2022 yil 2 noyabrdagi “Issiqxona xo‘jaliklari faoliyati samaradorligini oshirish yuzasidan qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori bu borada muhim ahamiyat kasb etmoqda. Xususan, Yuqori Chirchiq tumanidagi “TYOPLI SAD” MCHJga qarashli 6 gektarlik issiqxonada bulg‘or qalampiri yetishtirilmoqda. Qish mavsumi bo‘lishiga qaramay har gektaridan 100 tonna hosil olish rejalashtirilgan. Shu bilan birga mahalliy aholi ham ish bilan band bo‘lmoqda. Ularga muntazam ravishda maosh to‘lanmoqda.


Shu tumanda joylashgan “SADAF AGRO INVEST” MCHJ issiqxonasida 2 gektar pomidor va 1 gektar maydonda qulupnay Koreya texnologiyasi asosida yetishtirilmoqda. Shu kunlarda bu yerda ayni hosil yig‘im- terim pallasi. Shuningdek, kelgusida boshqa turdagi sabzavot mahsulotlari yetishtirish va hajmini oshirish rejalashtirilmoqda.
Ayni paytda Yuqori Chirchiq tumani bo‘yicha 60 ta issiqxona maydonida sabzavot mahsulotlari yetishtirish orqali hudud va shahar aholisini sifatli qishloq xo‘jaligi mahsulotlari bilan ta’minlash yo‘lga qo‘yilgan.

Sabzavot mahsulotlarining ortiqcha qismini Rossiya, Qozog‘iston va MDX davlatlariga eksport qilish rejalashtirilgan. Shuningdek, 240 nafardan ziyod doimiy, 600 nafardan ortiq mavsumiy ishchi band qilingan.
Issiqxona xo‘jaligi bo‘yicha Angren shahri aholisining ham o‘ziga yarasha tajribasi bor. Birgina misol, Hakkarman-Yangi Jigariston mahallasida istiqomat qiluvchi yosh tadbirkor Begzod Madismanov o‘z tomorqa yer maydonida ixcham issiqxona tashkil etgan. Bu yerda u qulupnay yetishtirib, oila daromadini oshirmoqda. U o‘tgan yilning avgust oyida issiqxonada oddiy guldonlarga qulupnay ko‘chatlarini parvarishladi. Dekabr oyida esa ushbu ko‘chatlar nishona ko‘rsatdi. Davlatdan 33 million so‘m miqdorda imtiyozli kredit olgan tadbirkorning rejalari katta. U jami 3 sotix yer maydonida “Koreya” navli qulupnay yetishtirmoqda.


– Dekabr oyida ichki bozorga 200 kilogramm qulupnay sotuvga chiqarildi, – deydi B.Madismanov. – Qishda tansiq bo‘lgan qulupnayning bozor rastalaridagi narxi hozir 150 ming so‘mdan 300 ming so‘mgacha bo‘lmoqda. Ayni vaqtda 10 sotixlik yer maydonida “Italyan” navli qulupnay ko‘chatini parvarish qilmoqdaman.
Oilasining bandligini ta’minlayotgan bu tadbirkorning turli hududlarda yigirmaga yaqin shogirdi ham bor. Xorij mamlakatlarida yillar davomida ayni shu yo‘nalishda ishlab, tajriba to‘plagan Begzod endilikda Angrenda faoliyatini davom ettirmoqda.
A. Musayev, O‘zA muxbiri