Bugun ko‘pchilik yurtdoshlarimizni ushbu savol qiziqtirmoqda. Shifobaxsh va mazali rezavor hisoblangan qulupnayning bu yilgi hosil cho‘g‘ini bilish, dehqonlarimizdan mazkur o‘simlikni yetishtirish borasida to‘plagan tajribalari bilan tanishish maqsadida O‘rta Chirchiq tumaniga yo‘l olamiz.
Aslida aprel-may oylarida pishib yetiladigan qulupnayni xalqimiz va xorijdan kelayotgan sayyohlar sevib iste’mol qiladi. Ziroatchilarning aytishicha joriy yilda qulupnayning pishib-yetilishi 20 kunga kechikdi. Masalan, tumanning “Do‘stlik” mahallasi hududidagi ushbu qulupnay dalasida hozirda 3-terim boshlandi. Bir haftada mazkur dalada 3 marta teriladi va gektaridan o‘rtacha 300 kilogramm hosil olinadi. E’tiborli tomoni ushbu dalalar oldinlari paxta va g‘alla ekilgan, hosildorligi past yerlar bo‘lgan. Mazkur 3 gektarlik maydon 10 nafar bandligi ta’minlanmagan yoshga auksion asosida ijaraga berildi. Ularga tajribali dehqonlar biriktirilganligi tufayli birinchi yilning o‘zidayoq yaxshi natijalarga erishishdi. O‘z navbatida mahallaning 10-15 nafar fuqarosi mavsumiy ish bilan band bo‘ldi.
Yoshlar “Bir dala - bir mahsulot” tamoyiliga asosida qulupnayning 7 xil navini ekdilar. O‘z vaqtida bajarilgan agrotexnik tadbirlar tufayli ekinning barcha navidan yuqori hosil ko‘tarilmoqda. Yosh dehqonlarning aytishicha mayning o‘rtalariga kelib daladagi qulupnay terimi avj pallasiga kiradi va narxlar tushishi kutilmoqda. Tumanning “Kim Pen Xva” hududidagi “Yo‘ng‘ichqali” mahallasida ham 10 gektar bal-baniteti past bo‘lgan yerlar 30 nafar yoshga auksion orqali taqsimlandi. E’tiborli tomoni endilikda yer olgan yoshlar qatorida ularning oila a’zolari ham mavsumiy ish bilan band.
Davlatimiz rahbarining 2024-yil 5-apreldagi “Yoshlarga yer ajratish orqali ularning daromadlarini oshirish va bandligi ta’minlash, shuningdek, yangi yer maydonlarini o‘zlashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga asosan hozirda zaxiradagi yer maydonlarini auksion savdolariga qo‘yilib, dehqon xo‘jaliklarini tashkil etish uchun yoshlarga imtiyozli shartlarda ijaraga berilmoqda.
- Shu yilning 5-mart kuni Prezidentimizning 115-sonli qarorlari imzolandi, - deydi O‘zbekiston Fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalarini qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi Toshkent viloyati hududiy filiali rahbari Habibullo Safoyev.
- Bu hujjatga asosan 54ta hududda aholining bilim va ko‘nikmalarini oshirish maqsadida namunaviy o‘quv-tajriba maydonlari tashkil qilinadi. Undan tashqari meva-sabzavotchilikka ixtisoslashgan tumanlarda muzlatgichlar quriladi. Prezidentimizning 5-apreldagi 153-sonli qaroriga asosan ishsiz, chet eldan qaytib kelgan yoshlarga yer maydonlari ajratib berilmoqda. Bu yer maydonlarini ishga tushirish va mahsulot olish uchun jamg‘arma tomonidan 33 million so‘mgacha mablag‘lar beriladi. Bu mablag‘lar asosan issiqxonalar tashkil etishga, limonchilik, uzumchilik, ko‘chat va urug‘larga yo‘naltiriladi.
<iframe width="990" height="557" src="https://www.youtube.com/embed/21G8r_MQstw" title="Qulupnay narhi qachon arzon boʻladi?" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Auksion g‘oliblari yer uchastkasi narxini 10-yil muddatga foizsiz to‘lashga ruxsat berildi. Mini-texnika, urug‘-ko‘chat xaridiga “Yoshlar daftari” jamg‘armasidan 5 million so‘mgacha subsidiya beriladi. O‘zbekiston Fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalarini qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi tomonidan 33 million so‘mgacha imtiyozli kreditlar ajratilishi ham ko‘zda tutilgan.
Sanjar Toshpo‘latov, Abror Sodiqov, Ulug‘bek To‘xtayev (video), O‘zA