Qulay sharoit ish samaradorligini oshiradi
Surxondaryo viloyatidagi gaz to‘ldirish stansiyalari va gaz to‘ldirish shoxobchalarida “Hududgaz Surxondaryo” gaz ta’minoti filiali dam olish va ovqatlanish xonalarini barpo etib, yuvinish jihozlari bilan ta’minlangan maxsus ko‘chma konteynerlar o‘rnatdi. Viloyatda yettita gaz to‘ldirish inshooti iste’molchilarga xizmat ko‘rsatmoqda. Ularda 110 ga yaqin ishchi-xodim mehnat qilib, mart oyining o‘tgan davrida maishiy gaz ballonlarga amaldagi 5 million 312 ming 348 tonna o‘rniga 5 million 458 ming 680 tonna suyultirilgan gaz to‘ldirdi.
Inson manfaatlari ulug‘lanayotgan mamlakatimizda aholi farovonligini yuksaltirish, ishchi-xizmatchilarning munosib mehnat qilishi, ishdan bo‘sh vaqtlarida mazmunli dam olishi uchun barcha sharoit yaratilmoqda. Bunday e’tibor yurtimizni yangi bosqichda rivojlantirib, ishlab chiqarish va xizmatlar ko‘rsatish sifatini yanada oshirishda muhim omil bo‘lmoqda. Viloyatdagi gaz to‘ldirish stansiyalari va gaz to‘ldirish shoxobchalarida yaratilgan zamonaviy sharoitlar ham xodimlar uchun bir qator qulaylik yaratib, ularni ijtimoiy himoya qilishga yo‘naltirilgani bilan ahamiyatli bo‘ldi.

Boysun vohaning chekka va olis tumanlaridan biri. Ayrim xodimlar hududdagi gaz to‘ldirish inshootiga uzoq mahallalardan qatnab ishlaydi. Ayniqsa, ob-havo noqulay bo‘lgan kunlarda ular ishdan qaytishda ba’zi muammolarga duch kelishi mumkin. Endilikda yaratilgan yangi sharoitlar bu masalaga chek qo‘ydi. Xodim shu yerning o‘zida ovqatlanib, tunab qolishi ham mumkin.

– Keyingi yillarda ishchi-xodimlarni ijtimoiy himoya qilib, barcha sharoitlarni yaratishga alohida e’tibor qaratilmoqda, – deydi Boysun gaz to‘ldirish shoxobchasi texnik hisobchisi Abdumajid Abdurahimov. – Jumladan, bepul maxsus ish kiyimlari bilan ta’minlash joriy etildi. Sog‘ligini saqlashi uchun sut mahsulotlari tarqatiladi. Dam olish va ovqatlanish xonalari ham tun-u kun ularning xizmatida. Ko‘chma yuvinish xonasi har bir ishchi-xodimning sanitariya-gigiyena qoidalariga qat’iy rioya etib, mehnat qilishi uchun yana bir qulaylik bo‘ldi. Shuningdek, gaz to‘ldirish stansiyada gaz saqlash, uning xavfsizlik choralari, gaz ballonni to‘ldirish, ballonlardagi qoldiqlarni bo‘shatish kabi barcha jarayonlar video kameralar orqali kuzatib turiladi. Bunday o‘zgarish va yangilanishlar jamoamizning har bir a’zosiga faxr bag‘ishlab, o‘z vazifasini yanada samarali bajarishga undamoqda. Masalan, shu yil mart oyining o‘tgan davrida maishiy gaz ballonlarga 247 tonna suyultirilgan gaz quyib berdik. Bu o‘tgan yilning shu davridagiga nisbatan ancha ko‘p.

“Jarqo‘rg‘on” gaz to‘ldirish stansiyasida yaratilgan yangi sharoitlar ham ishchi-xodimlarga bir olam quvonch ulashdi. Chunki, ular shu yerning o‘zida ovqatlanishi, dam olishi mumkin. Doimiy issiq va sovuq suv bilan ta’minlangan ko‘chma yuvinish xonasida ham barcha qulaylik mavjud.
–Ish joyimizning o‘zida yangi maskanlar qurilib, foydalanishga berilgani bizning o‘z vazifamizga bo‘lgan munosabatimizni yanada o‘zgartirdi, – deydi “Jarqo‘rg‘on” gaz to‘ldirish stansiyasi sinovchi mutaxassisi Alisher Yunusov. – Misol uchun men 40 kilometr uzoqdan qatnab ishlayman. Qishning sovug‘ida ham, bahorning seryog‘in kunlarida ham ishga kelaman. Albatta, bu ayrim qiyinchiliklarni yuzaga keltirar edi. Endi ishdan juda kech qolsam yoki yog‘ingarchilik kunlarda shu yerda tunab qolishim mumkin. Dam olish, ovqatlanish va yuvinish uchun ham barcha sharoit muhayyo qilingan.

“Hududgaz Surxondaryo” gaz ta’minoti filiali mutasaddilarining aytishicha, mazkur inshootlarda xodimlarga yo‘riqnomada ko‘rsatilgan mehnat muhofazasi, texnika xavfsizligi qoidalari, shuningdek, ob’ektda har qanday texnogen halokat yuz berganida fuqarolar muhofazasini ta’minlash, bunday holatda bajarilishi zarur bo‘lgan barcha harakatlarni to‘g‘ri amalga oshirish hamda texnik vositalardan to‘g‘ri foydalanish yuzasidan tegishli tavsiyalar berish yo‘lga qo‘yilgan.
– Bundan tashqari har bir xodim ish joyida maxsus formada bo‘lishi qat’iy belgilangan, – deydi “Hududgaz Surxondaryo” gaz ta’minoti filiali matbuot xizmati rahbari Aziz Mashrapov. – Shuningdek, texnika xavfsizligi bo‘yicha ajratilgan maxsus kiyimlardan, ish jarayonida mehnat qurollaridan to‘g‘ri foydalanish talab etiladi. Bu tartiblar xodimlarning texnika xavfsizligini ta’minlashda, yaratilgan yangi sharoitlar esa ularni ijtimoiy himoya qilishda muhim ahamiyat kasb etadi. Barcha ishlarni mas’uliyatni chuqur his etgan holda o‘zi va iste’molchilar salomatligini xatarga qo‘ymasdan bajarishiga qulay muhit yaratadi.
Xolmo‘min Mamatrayimov,
O‘zA muxbiri