Quduqlar qayta ta’mirlanib, ishga tushirilmoqda
Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan konlarda tabiiy gaz qazib chiqarishni ko‘paytirish, uglevodorodlar zaxirasini oshirish maqsadida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda.
Jumladan, quduqlarda kapital ta’mirlash ishlarini bajarish barobarida, yangi quduqlar burg‘ilanib, tugatilgan quduqlar majmuasida turganlari qayta ta’mirlanmoqda.
Buxoro viloyatidagi Gazli neft va gaz qazib chiqarish boshqarmasiga qarashli “Kulbeshkak” konining 35-sonli quduqda qatlam suvi yo‘lini yopish va qo‘shimcha perforatsiya ishlari “O‘zneftgazquduqta’mirlash” AJ mutaxassislari tomonidan olib borilganidan so‘ng quduq qayti ish boshladi. O‘zlashtirish natijasida quduqdan o‘rtacha kunlik 80 ming kub metr sanoat miqyosida tabiiy gaz va 1,4 tonna gaz kondensati qazib chiqarildi.
Ma’lumot uchun: “Kulbeshkak” gazkondensat koni Buxoro viloyatining Qorako‘l tumanida joylashgan bo‘lib, 2008 yilda ishga tushirilgan.
Zarif Komilov,
O‘zA