O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi tomonidan Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti bilan hamkorlikda ulug‘ qozoq shoiri va mutafakkiri Abay ijodiga bag‘ishlangan ma’rifiy tadbir o‘tkazildi.
Unda O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi vakillari, Qozog‘istondagi «Do‘stlik» etnomadaniy markazlari hamjamiyati qoshidagi «Ijodkor» adabiy birlashmasi a’zolari, talaba yoshlar qatnashdi.
Qozoq adabiyotining yirik namoyandasi Abay Qo‘nanboyev ijodi O‘zbekistonda ham chuqur o‘rganilgan. Yozuvchilar uyushmasi axborot xizmatiga ko‘ra, 1945 yilda o‘zbek tilida birinchi bor nashr qilingan Mirtemir va Uyg‘un tarjimasidagi Abay asarlari to‘plami turli mavzudagi she’rlarni o‘z ichiga olgan. bugungi kunda O‘zbekistonda ustozlar an’anasini Yangiboy Qo‘chqorov, Muzaffar Ahmad, Qozoqboy Yo‘ldosh, Ibodulla Mirzayev kabi tarjimonlar davom ettirmoqdalar.
Qaldibek Seydanov, Abdulla Rustamov, Qodirjon Nosirov kabi abayshunos olimlar ulug‘ qozoq shoiri va mutafakkiri ijodini keng tahlil qilib keladilar.
O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi Toshkentda Abayning «Saylanma» asari, «Tarbiya so‘zlari» kitobi hamda «O‘zbek-qozoq adabiy aloqalari», «Oqinning dono o‘gitlari», «Abay va Markaziy Osiyo adabiyoti» nomli adabiy-tahliliy maqolalar to‘plamini chop etgan.
«Turkiy adabiyot durdonalari» nomli 100 jildlik asarlar majmuasida ham Abay ijodiga alohida jild ajratilgan bo‘lib, unga ulug‘ qozoq shoirining she’rlari kiritilgan.
Adabiy tadbirda talabalar Abay ijodiga bag‘ishlangan ma’ruzalarni qiziqish bilan tingladilar. Abay she’rlaridan namunalar o‘qildi.
Kechada Qozog‘istondagi «Do‘stlik» etnomadaniy markazlari hamjamiyati qoshidagi «Ijodkor» adabiy birlashmasi a’zolari Abay ijodidan qilgan tarjimalarini o‘qib berdilar.
O‘zA