Qozog‘istonda 64 nafar pedagog millioner bo‘ldi
Qozog‘istonda “2022 yilning eng yaxshi pedegogi” konkursi g‘oliblari e’lon qilindi. G‘oliblarning barchasi 3 million tenge mukofot puli olishdi.
«Bugun biz har yili bo‘lib o‘tadigan “Yil pedagogi”konkursining bu yilgi g‘oliblarini aniqladik. Bu pedagoglarimiz uchun juda muhim voqea hisoblanadi, chunki ular o‘z hamkasblari tomonidan tan olingan ilg‘or murabbiylardir. Bu yilgi konkursning bir nechta o‘ziga xos tomonlari bor. Masalan, avvallari konkursda maktab direktorlari ham ishtirok etardi, ya’ni ular maktablar nomidan o‘z nomzodlarini ilgari surardi, so‘ngra ular ta’lim bo‘limlari tanlovidan o‘tardi. Endi esa har bir pedagog o‘zi o‘z nomzodini ko‘rsata oladi», – dedi Qozog‘iston fan va ta’lim vaziri Asxat Aymagambetov.
Vazir “Eng yaxshi pedagog” unvoniga ega bo‘lgan soha vakillarini tabriklab, ularga murakkab va mas’uliyatli vazifani bajarishda muvaffaqiyat tiladi.
Xabarda aytilishicha, konkurs yakunida yilning eng yaxshi pedagogi unvoniga 64 nafar pedagog sazovor bo‘lgan. Ta’kidlanishicha, respublika konkurs komissiyasi tarkibiga jamoatchilik birlashmalari, nodavlat tashkilotlar, ota-onalar jamoatchiligi, jurnalistlar, faol pedagoglar va boshqalar kiritilgan.