Qozog‘iston: Qurultoy deputatlari qaysi lavozim egalariga savol yo‘llashi mumkin?
"Kazinform" agentligi xabar berishicha, Qozog‘istonda deputatlik so‘roviga javob bir oydan oshmagan muddatda berilishi shart. Bugun poytaxt Ostona shahrida Qurultoy reglamentini qabul qilish chog‘i so‘zga chiqqan deputat Snejanna Imasheva shu haqda aytib o‘tgan.
– Reglamentning muhim qismi Konstitutsiyaviy sud, hukumat va Xalq Kengashi bilan hamkorlikka bag‘ishlangan, – dedi Imasheva yalpi majlisda. – Jumladan, Konstitutsiya va qonunlarda nazarda tutilgan masalalarni ko‘rib chiqish tartib-taomili belgilanadi. Qurultoy vakolatiga taalluqli o‘ta muhim masalalar bo‘yicha eshituv ham nazarda tutiladi. Parlament nazoratining eng muhim mexanizmlaridan biri – hukumat soati doirasida deputatlar muayyan idora vakilining ma’ruzasini tinglaydi. Keyin bosh qo‘mita mas’uli qo‘shimcha ma’ruza qiladi, deputatlar savoli bo‘yicha muhokama yuritiladi. Shundan so‘ng tegishli tavsiyalar qabul qilinadi.
Ushbu chiqish davomida deputatlik so‘rovi instituti tartibga solingani ham ta’kidlandi:
– So‘rovga javob berish muddati bir oydan oshmasligi kerak. Deputat talabi bilan javob Qurultoy majlisida bevosita e’lon qilinib, qo‘shimcha savol qo‘yish va muhokama o‘tkazishga imkon beriladi. Shu tariqa Reglament parlament muloqoti va nazoratining bir necha turini umumlashtiradi: so‘rov, savol, hukumat soati, eshituv hamda hukumat bilan hamkorlikka doir maxsus tartib-taomil. Masalan, VM ma’ruzasi, hukumat a’zosi hisoboti va hokazo.
A.Mamatov, O‘zA