Qozog‘iston delegatsiyasi Jizzaxda bo‘ldi
Jizzax viloyati hokimi vazifasini bajaruvchi Ulug‘bek Mustafoyev Qozog‘iston Respublikasining O‘zbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi Beybut Atamkulov boshchiligidagi Turkiston viloyatidan tashrif buyurgan delegatsiyani qabul qildi.
Viloyat rahbari Ulug‘bek Mustafoyev mehmonlarga tashrif uchun samimiy minnatdorchilik bildirib, ikki mamlakatlar o‘rtasidagi munosabatlarning ustuvor yo‘nalishlari, bu borada hududlararo hamkorlikni rivojlantirish, shu bilan birga hali ikki tomonlama ishga solinmagan ulkan imkoniyatlar borligini ta’kidlab o‘tdi.
Uchrashuvda elchi Beybut Atamqulov qabul uchun viloyat rahbariga minnatdorchilik bildirib, ikki davlat o‘rtasidagi o‘zaro aloqalarni, hamkorlikni yuqori baholadi.
[gallery-20984]
Elchi janoblari tranzit yo‘l chorrahasida joylashgan Jizzax viloyatining salohiyati, so‘nggi yillarda vohada qo‘lga kiritilgan yutuqlarga yuqori baho berdi.
Muloqot davomida Samarqand shahrida joriy yilning oktyabr oyida o‘tkazilgan “O‘zbekiston – Qozog‘iston IV mintaqalararo forumi” doirasida erishilgan kelishuvlar natijasida ikki tomonlama savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy va madaniy-gumanitar hamkorlikni yanada kengaytirish istiqbollari muhokama qilindi.
Qozog‘iston Respublikasining Turkiston hamda Jizzax viloyatlari o‘rtasida savdo va sanoat kooperatsiyasini rivojlantirish, transport-logistikasi, qishloq xo‘jaligi, turizm, sanoat, tibbiyot, ta’lim, IT va madaniy yo‘nalishlarda hamkorlikning yangi qirralarini ishga solish bo‘yicha o‘zaro taklif, fikr-mulohazalar o‘rtaga tashlanib, yangi loyihalarni amalga oshirish yuzasidan “yo‘l xaritasi” ishlab chiqildi.
Jumladan, “Turkiston – Jizzax – Zomin” yo‘nalishi bo‘yicha turistik marshrut xaritasini ishlab chiqish, Jizzaxdan ziyorat turizmi uchun Turkistonga sayyohlarni jalb etish, soliq, bojxona imtiyozlari, tadbirkorlar uchun preferensiyalar, Turkiston viloyatining Jizzax viloyatiga chegaradosh bo‘lgan Maxtaorol va Jettisoy tumanlari bilan tovar ayirboshlash, savdo nuqtalari va bozorlar tashkil etish, qo‘shma korxonalar sonini ko‘paytirish masalalari bo‘yicha takliflar bildirildi.
Uchrashuvda Jizzax hamda Turkiston viloyatlari o‘rtasida savdo-iqtisodiy, turizm, qishloq xo‘jaligi, tibbiyot, ta’lim, madaniy-gumanitar sohalarda hamkorlik aloqalarini o‘rnatish bo‘yicha memorandum imzolandi.
Shuningdek, Qozog‘istondan tashrif buyurgan mehmonlar Jizzax erkin iqtisodiy zonasidagi yirik ishlab chiqarish korxonalari, jumladan “ADM Jizzak”avtomobil zavodi, “Iruskon” qandolat fabrikasi, Sharof Rashidov tumanidagi “BMB-NRC Agrologistics” O‘zbekiston – Rossiya qo‘shma korxonasi faoliyati bilan tanishdi.
Tashrif davomida nufuzli mehmonlar Jizzax shahridagi “Xalqaro do‘stlik uyi”da qozoq diasporasi vakillari bilan ham uchrashib, ular bilan dildan suhbatlashdi.
Delegatsiya a’zolari tashrif so‘nggida “Zomin” turistik-rekreatsion zonasi bilan tanishtirildi.
Qozog‘istonlik mehmonlar Jizzaxga amalga oshirilgan tashrif ularda chuqur taassurot qoldirganini ta’kidlashdi.
A.Qayumov, J.Yorbekov (surat), O‘zA muxbirlari