Qozog‘iston BMT chaqirig‘ini qo‘llab-quvvatlaydi
Qozog‘iston Prezidenti Qosim-Jomart Toqayev iqlim bo‘yicha global sammitdagi nutqida BMTning atrof-muhitni kelajak avlodlar uchun asrab-avaylash bo‘yicha aniq harakatlarga oid shoshilinch chaqiruvini to‘liq qo‘llab-quvvatlashini ma’lum qildi.
– Bugungi kunda dunyo aholisining, deyarli, yarmi iqlim o‘zgarishiga bog‘liq hududlarda istiqomat qiladi, – dedi davlat rahbari. – Rivojlanayotgan kichik orol-davlatlar, dengizga chiqish imkoni bo‘lmagan mamlakatlar ham xavf ostida. Doimiy geosiyosiy beqarorlik va energiya xavfsizligi e’tiborni iqlim bo‘yicha kun tartibiga qaratishni qiyinlashtirmoqda.
Toqayev ma’ruzasida Qozog‘iston mintaqada Parij kelishuvini ratifikatsiya qilgan, 2060 yilga qadar uglerod muvozanati strategiyasini qabul qilgan birinchi davlat bo‘lganiga urg‘u berdi. Mamlakatning yangi Ekologik kodeksi milliy iqtisodiyotning, deyarli, barcha sohalarida yashil texnologiyani har tomonlama moslashtirishga yordam beradi.
– Mamlakatimiz shamol va quyosh energetikasini rivojlantirish, shuningdek, “yashil” vodorod ishlab chiqarishda ulkan salohiyatga ega, – dedi Toqayev. – Biz bu salohiyatni ochish uchun hamkorlarimiz bilan yaqin hamkorlik qilishni davom ettiramiz. Dunyo bo‘yicha uranning 43 foizini ta’minlovchi yetakchi eksportchi sifatida jahon miqyosida uglerodsiz elektr energiyasi ishlab chiqarishda muhim rol o‘ynamoqdamiz.
B.Xudoyberdiyev, O‘zA