Jizzax viloyati Arnasoy tumanidagi “Chinobod” mahalla fuqarolar yig‘inida “Kambag‘allikdan farovonlik sari” dasturi ijrosi doirasida qo‘ziqorin yetishtirish yo‘lga qo‘yildi.
Iste’mol uchun yaroqli va juda xushxo‘r bo‘lgan ushbu mahsulotni yetishtirish orqali kattagina daromad topish, yaxshigina biznes qilish mumkin.
Qo‘ziqorin yetishtirish bo‘yicha G‘allaorol va Mirzacho‘l tajribasini o‘rganib qaytgan tumandagi “Chinobod” MFY hokim yordamchisi Ahtam Isaxanov mahallasida birinchilardan bo‘lib qo‘ziqorin yetishtirishni yo‘lga qo‘ydi.

– Mahallamizdagi juda ko‘pchilik xonadonlarda hozir qo‘ziqorinning “veshenka” navi yetishtirilmoqda, – deydi Ahtam Isaxanov. – Bu nav juda foydali va oqsilga boy. Xaridorlari ham ko‘p. U 27-28 kunda hosilga kirib, bir oy nari-berisida to‘liq pishib yetiladi. Bitta 2 kilogramm sheluxa solingan qopga joylangan qo‘ziqorin urug‘lari o‘rtacha 10-12 kilogrammgacha hosil beradi. Afzallik tomoni, uni yil 12 oy davomida yetishtirib, daromad olsa bo‘ladi. Mazkur “veshenka” qo‘ziqorin navlari umuman mavsum tanlamaydi.

Hajmi 6x3 metrli xonaga peshtaxtalar o‘rnatilib, ularga terilgan polietilen qopchalarda yetishtirilayotgan ushbu qo‘ziqorin uchun 3 million so‘m xarajat qilingan. Ana shu “veshenka” navli qo‘ziqorinning bir kilogrammi ichki bozorlarimizda 25-30 ming so‘mdan sotilmoqda.
Qo‘ziqorin yetishtirib, qo‘shimcha daromad topish uchun qaysidir tashkilot, korxonada ishlash-ishlamasligingizning ham, shaharda yoki qishloqda yashashingizning ham, hatto yoshingizning ham mutlaqo ahamiyati yo‘q. Har bir kishi o‘zi doimiy mashg‘ul bo‘lgan kasb-korini bemalol bajarib, joy tayyorlab, bor-yo‘g‘i 3 million so‘m evaziga 300 million so‘m daromad qilishi mumkin.
A.Qayumov, J.Yorbekov (surat),
O‘zA muxbirlari