Ma’naviyatimiz qirralari
Atoqli shoirimiz Abdulla Oripovning ushbu misrasini o‘qiganimda men talaba edim.Balki o‘sha paytda bu she’rning ma’nosini chuqur tushunmagandirman.Shoir bu misrani bitayotganida his qilgan tuyg‘ular qalbimdan o‘tmagandir.

Lekin mana oradan ko‘p yillar o‘tib, nabiram – katta qizimning farzandi Madina sabab bu she’r, to‘g‘rirog‘i, shu bir misra lop etib yana yodimga tushdi va bu gal men Abdulla Oripovni, u ilgari surgan falsafani, g‘oyani tushundim, shoirning buyukligi, istiqbolni ko‘ra olish qobiliyatiga yana bir karra tan berdim.
Nabiram Madina bolaligidan ko‘p narsalarga qiziquvchan bo‘lib ulg‘aydi.Rasm chizishga qiziqib, to‘garakka qatnadi.U chizgan suratlar, kartinalar hozir qizimning mehmonxonasi devorlarini bezab turibdi. Keyin dutor chalishga qiziqdi. Dadasiga dutor oldirdi.Va ayni paytda u dutordan bir necha mumtoz kuylarni chala oladi.
O‘smirlik injiqliklari ortda qolib, u maktabni oltin medal bilan bitirdi. Kuyovim va qizim biroz o‘jar, biroz erkatoy, o‘zi aytganini qildiradigan bo‘lib ulg‘aygan bu qizining kelajagidan tashvishga tusha boshladi. Kelgusida qanday odam bo‘larkin, ro‘zg‘or ishlariga e’tiborsizroq bu qiz qanday mustaqil ro‘zg‘or tutarkin?
Bu gaplarni ular oshkora aytishmasa-da, men bobo sifatida his qilardim.Balki menga shunday tuyulgandir.
Uylariga borganimda nabiram oldimga kirar va ko‘proq suhbatlashishga intilardi.Uning qiziqishlari va savollarining adog‘i yo‘q edi. Bir safar borganimda endi qayerda o‘qimoqchi ekaniga qiziqdim.
–Buva, siz menga yordam bering, dadam bilan oyim ko‘nmayaptilar, –dedi Madina.– Yaponiyada o‘qimoqchiman!
Uning ko‘zlari yonardi. Men ko‘zlarimni olib qochdim: “Bu qizi tushmagur kimga o‘xshabdi!”
Dabdurustdan berilgan savolga nima deb javob berishimni bilmay “Ularning tilini bilmaysanku?” dedim.

–O‘rganaman. Qolaversa, ingliz tilini bilaman. Ularda inglizchani bilishadi.
To‘g‘risi, menday sovet maktablarida o‘qigan, ma’lum bir qoliplarga o‘rgangan odam uchun bu mutlaqo yangi gap edi. Biroz o‘ylanib qoldim. Madinaning ota-onasi o‘ylagan narsa menga ham o‘tdi:”Qiz bola bo‘lsa?...”
–O‘zimizda ham yaxshi o‘qishlar borku, qizim? Kim bo‘lmoqchisan?
- Dizayner, qurilish bo‘yicha dizayner bo‘lmoqchiman. Buva, Toshkentda qurilayotgan uylarni qarang, hammasi bir xil. Men dunyo arxitekturasini Toshkentga olib kelmoqchiman. Dunyo rang-barang, shaharlarimiz ham rang-barang bo‘lsin.
Xayolim bolalikka, maktabda o‘qib yurgan yillarga olib qochdi.Qaysidir sinfda adabiyot o‘qituvimiz insho olgandi.Mavzusi “Kim bo‘lmoqchiman?”. Shunda kimdir o‘qituvchi, kimdir injener,kimdir rais bo‘lmoqchiman, deb yozgan bo‘lsa,bir sinfdosh qizimiz uchuvchi bo‘laman, deb yozgandi. Shunda hali qiz bolalarning o‘qishi uncha urf bo‘lmagan olis Ko‘kdaladagi qishloq maktabining o‘qituvchisi –ustozimiz miyig‘ida kulib “Ilohim, niyatlaringga yetgin, qizim!” degandi va ko‘zini olib qochgandi.

Men ayni paytda o‘sha ustozimning ahvolida edim.O‘rta maktabni bitirguniga qadar bor-yo‘g‘i tuman markaziga ikki-uch marta borgan, hali viloyat markazini, mamlakat poytaxtini ham ko‘rmagan boboning nabirasi dunyoning bir chekkasidagi olis davlatda, tili begona, madaniyati, qadriyatlari, turmush tarzi yot odamlar orasida o‘qiyman deb ko‘zlari yonib tursa, bu bobo nima desin, xursand bo‘lsinmi yo yig‘lasin?
Xullas, Madina yaponlarning o‘zi Toshkentda ochgan til o‘rgatish kursiga qatnab, yapon tilini o‘rgana boshladi. Endi uylariga borganimda bizning suhbatlarimiz faqat Yaponiya haqida bo‘lardi.U qisqa muddat ichida yapon tilini o‘rganib, sertifikat oldi va Yaponiya haqida shunday ko‘p ma’lumotlar yig‘diki, biz ham bu buyuk davlatga qiziqib, ko‘p narsalarni o‘rganib oldik.
Qisqasi, barcha rasmiy hujjatlari tayyor bo‘lgach, Toshkentdan boshqa joyga chiqmagan, “dom” sharoitida yashagan, nari borsa, ota-onasi tug‘ilib o‘sgan qishloqqa yozgi ta’til paytlarida borgan 18-19 yoshlardagi qiz biron tanishi bo‘lmagan begona yurt –olis Yaponiyaga bahorning ilk kunlarida samolyotga o‘tirdi-yu uchdi- ketdi.

Madinani samolyotga kuzatgani chiqqanimizda ota-onasi qanday tuyg‘ularni his qilganini bilmadim-u, men qattiq hayajonlandim. Bu qizdagi jur’at, aytishim mumkinki, jasorat, maqsad sari dadil intilish meni hayajonlantirardi. U bu mustaqil hayot yo‘lini o‘zi tanladi. Bu tahsinga, olqishga, tabriklashga va bobosining nabirasi haqida maqola yozishiga arziydi.
Hozir Madina bilan har kuni telefonda gaplashib turamiz.Ham ishlayapti, ham o‘qiyapti. Yaponiya haqida shunday jo‘shib gapiradiki, telefonni qo‘yging kelmaydi.
Kuni kecha ham gaplashdik. Gaplari dadil, ko‘rinishi yaxshi,chehrasi ochiq, hali ketganiga bir yil bo‘lmasa-da, ancha ulg‘ayibdi qizimiz. Yashashi, xarajatlari bilan qiziqdim.
–Uydan pul olmayapman, endi biroz jamg‘arayapman. Buva, Yaponiya zo‘r mamlakat ekan, odamlari ham, odatlari ham ajoyib, meni ular yaponka deb o‘ylashadi, o‘xshayman-ku. Lekin O‘zbekistonimizni yanayam ko‘proq yaxshi ko‘rib qoldim, – deydi u.
O‘qishni bitirib, nabiram qanday mutaxassis bo‘lishini va u O‘zbekistonda qayerda ishlashini tasavvur qilolmayman. Lekin shuni aniq bilaman va ishonamanki, u Yaponiyadan mustaqil inson bo‘lib qaytadi!
Odatda yoshi kattalar yosh avlodni ko‘pam qabul qila olmaydi. Men ham ulardan biriman. Yoshlarning andishasizligi, betgachoparligi, biz ko‘nikkan, hayotimizga singib ketgan ba’zi odatlarni inkor qilishi, telefonga ruju qo‘ygani, ularning kiyinishi va hokazolar bizga yoqmaydi. Bir kuni Inha universitetida o‘qiydigan katta nabiram futbolka kiyib o‘qishga otlanayotganini ko‘rib qolib, koyidim: “Odamga o‘xshab kiyinib yursang bo‘lmaydimi? Hech bo‘lmasa, o‘qishga borayotganingda”. U bir kulib qo‘ydi-yu tashqariga otildi. Kechqurun televizorda ne ko‘z bilan ko‘rayki, chamasi nabiramdan 7-8 yosh katta bir tuman hokimi nabiramnikiga o‘xshagan libosda intervyu berardi. O‘yladim: “Demak, biz eskiribmiz. Bu kiyim hozir urfda ekan”. Shundan keyin nabiramga gapirmay qo‘ydim.
Endi bu otalar va bolalar muammosi azaliydir. Biroq Madina nabiram o‘z harakati bilan mening bugungi yoshlar haqidagi fikrlarimni ijobiy tomonga o‘zgartirib ketdi. Yoshlar orasida iste’dodli, o‘qishga, izlanishga tashna, intiluvchan, qat’iyatli, jasur yioit-qizlar ko‘pligiga ishonaman.
Nabiram bahona xorijga o‘qishga, ishga chiqib ketayotgan millatdoshlarimiz haqida ba’zi fikr-mulohazalarimni bildirish istagi paydo bo‘ldi.
Bugun O‘zbekiston dunyoga, dunyo O‘zbekistonga ochildi. Mamlakatimiz aholisi soni 37 millionga yaqinlashib qoldi. Nasib bo‘lsa, yana besh-o‘n yilda biz 50 million nufusga ega katta davlat bo‘lamiz.
Buncha aholini boqish, ularga ish o‘rinlari yaratishning o‘zi bo‘lmaydi. Shunday ekan, ijtimoiy tarmoqlarda yangrayotgan ba’zi bir yurtdoshlarimizning migrantlarimizni Vatanga qaytarish kerak, degan gaplari, chaqiriqlari asossizdek tuyuladi.
Biz chet ellarga ish izlab, pul topish maqsadida chiqib ketayotgan yoshlarimizni qonuniy asoslarda yuborishimiz, o‘zga davlatlarda ularning huquqlarini himoya qilishimiz zarur.Avvalo, ularni bu yerda qisqa kurslarda o‘qitib, qo‘liga kasb-hunar berib, malakali mutaxassis sifatida tayyorlab, til o‘rgatib jo‘natish bo‘yicha amalga oshirilayotgan hozirgi ishlarimizni kengaytirishimiz, bu davlatning ustuvor vazifalaridan biri bo‘lishi lozim. Ana shunda xorijga ketayotgan yigit-qizlarimiz borgan joyida tezroq o‘rnashadi, ish topadi va qiynalmasdan yashab ketadi. Bu to‘g‘rida, albatta, davlat darajasida qayg‘urilishi shart.
Olis tarix sahifalariga ko‘z yugurtirsangiz, qadim zamonlarda ham aholi yashash uchun qulay manzillarga ko‘chib yurgan. Bu harakatni tabiiy qabul qilishimiz kerak. Masalan, yurtdoshlarimiz ko‘proq ketayotgan qo‘shni davlatlardan Qozog‘iston, Rossiyani olib qaraylik.Bu davlatlarning hududi katta, hududiga nisbatan aholisi kam.Shuning uchun ishchi kuchiga ehtiyoj yuqori. Bu ehtiyojni o‘zbeklar va boshqa qo‘shni xalqlar qondirsa, buning nimasi yomon? Balki davlatlararo shartnomalar asosida Rossiya yoki Qozog‘istonning huvillab yotgan qishloqlarini ijaraga olib, qishloq xo‘jalik mahsulotlari yetishtirish uchun foydalanish mumkindir. Rossiyaning ham, Qozog‘istonning ham yerlari unumdor, tabiati seryog‘in, daryolari ko‘p, suv taqchilligi muammosi yo‘q. Xalqimiz mehnatkash, mirishkor dehqon – ham o‘zini boqadi, ham dunyo bozoriga o‘zbek brendi asosida mahsulotlar yetishtirib beradi. Yoki Yevropadagi ishchi kuchiga muhtoj davlatlarga ham yoshlarimizni shartnoma asosida jo‘natishimiz kerak. Chunki bu ko‘hna qit’a aholisi “keksayib” qoldi, u yerlarda ish o‘rni ko‘p.
Gohida ishga metroda kelib-ketaman. Ertalabki tirband soatlarda metro bekatida turgan, vagonlarga chiqayotgan yo‘lovchilarga nazar tashlab, meni vahima bosadi. O‘qishga, ishga shoshayotgan, aksariyati yoshlardan iborat buncha odamga ertaga doimiy ish topib bermasak, nima bo‘ladi? Ularning har biriga ish, uy, mashina va hokazo kerak. Aholimiz esa kun emas, soat sayin ko‘payib borayapti...
Odatda mehnatkash insonlar, ko‘proq qiyinchiliklarni ko‘rgan oilalardagi ota-onalar farzandlarining o‘zlaridan ustun, bilimli, o‘qimishli odamlar bo‘lishini, o‘zlari ko‘rgan azoblarni ko‘rmasligini istashadi. Qiynalib topgan mablag‘larini bolalarining o‘qishi, mutaxassis bo‘lib yetishishi uchun sarflashadi. Ota-onasining qanday qiynalib pul topayotganini ko‘rib turgan bolalar ham ota-onasi istagandek farzand bo‘lishga intiladi. Natijada bunday yigit-qizlardan kelgusida yaxshi mutaxassislar, olimlar, ilm-fan, ijod kishilari yetishib chiqadi. Bu hayot sinovidan o‘tgan haqiqat.
Shunday ekan, bizdan xorijga chiqib ketayotgan oddiy oilalarning farzandlari bir kun kelib yirik shaxslar –turli sohalarning bilimdon, malakali mutaxassislariga aylanadi va xalqimiz mana shu yo‘l bilan dunyoning barcha davlatlarida mustahkam o‘rnashadi. Dunyoning hamma burchaklarida vatandoshlarimiz muqim joylashib, ishlasa, farovon yashasa, bu yaxshiku!
Xitoy kompaniyalari bugun O‘zbekistonning barcha hududida qo‘shma korxonalar ochdi. Bu uzoqni ko‘zlagan davlatning aqlli tadbiri. Bizning xalqimiz ham xuddi xitoyliklarga o‘xshab o‘zining zukkoligi, aqli, tadbirkorligi-yu mehnatkashligi bilan dunyoni zabt etishiga ishonamiz.
Shu o‘rinda yana atoqli faylasuf shoirimiz Abdulla Oripovning maqolamiz sarlavhasiga chiqarilgan misrasiga qaytamiz. Donishmand shoir necha yillar oldin anglagan va yozgan bu misra tagidagi haqiqat bugun ham mayoqdik xalqimizga yo‘l ko‘rsatib turibdi.
Abdujalol Taypatov,
O‘zA