O‘zbek milliy madaniyati va dasturxonini qovunsiz tasavvur qilish mushkul. Uning muattar isi va shakardek totli ta’mi asrlar davomida kishilarni hayratga solib kelgan. Qovun – bu shunchaki poliz ekini emas, u o‘zbek zaminining saxovati, mehmondo‘stligi va o‘ziga xosligining timsolidir. Biroq tilimizda jaranglaydigan bu oddiy va tanish so‘zning zamirida ming yillik tarix, qadimgi turkiy ajdodlarimizning kuzatuvchanligi va tafakkur tarzi yashiringanini ko‘pchilik bilmaydi. Xo‘sh, “qovun” so‘zi qayerdan kelib chiqqan va u qanday ma’noni anglatadi?
Bu savolga javob izlab, biz tarixning oltin sahifalariga, xususan, buyuk tilshunos olim Mahmud Koshg‘ariyning “Devonu lug‘otit turk” asariga yuzlanamiz. Koshg‘ariy o‘z asarida bu poliz ekinini “qag‘un” shaklida keltiradi. Bu so‘zning deyarli barcha turkiy tillarda turli tovush o‘zgarishlari bilan mavjudligi uning umumturkiy so‘z ekanidan dalolat beradi. Masalan, qirg‘iz tilida “qoon”, turkmancha “gavun”, qoraqalpoqcha “qao‘in”, ozarbayjoncha “govun” kabi shakllarda uchraydi. Bu so‘zning shu qadar keng tarqalgani uning juda qadimiy ekanini va turkiy xalqlarning ajdodlari uchun muhim ahamiyatga ega bo‘lganini ko‘rsatadi.
Ammo so‘zning asl ma’nosi nima? Tilshunos olim Bahrom Bafoyev o‘zining “Ko‘hna so‘zlar tarixi” kitobida “qovun” so‘zining etimologiyasiga doir juda qiziqarli va mantiqan asosli farazni ilgari suradi. “Qovun” so‘zining o‘zagi qadimgi turkiy tildagi “qov”, “qovuq” yoki “qobuq” so‘zlari bilan bevosita bog‘liq. Bu so‘zlar “po‘stloq”, “qobiq”, “qalin teri”, “po‘kak” kabi ma’nolarni anglatgan. Mahmud Koshg‘ariy lug‘atida ham “qovush” so‘zi “ichi kovak narsa” ma’nosida keladi.
Endi tasavvur qiling: qadimgi ajdodlarimiz bu ekinga nom berishda uning qaysi jihatiga eng ko‘p e’tibor qaratgan? Albatta, uning boshqa poliz ekinlaridan ajratib turuvchi asosiy belgisi – qalin, qattiq va ichi kovak po‘stlog‘iga. Qovunning po‘stlog‘i uni jazirama quyoshdan, tashqi ta’sirlardan asraydi va ichidagi shirasini uzoq vaqt saqlashga yordam beradi. Aynan mana shu muhim xususiyat – uning “qobug‘i” – ekinning nomi uchun asos bo‘lib xizmat qilgan. Tilshunoslik nuqtai nazardan, “qob/qov” o‘zagiga “-un” qo‘shimchasi qo‘shilishi orqali yangi so‘z yasalgan. Bu jarayonda “qag‘un” (Koshg‘ariy davri) > “qog‘un” > “qovun” (hozirgi shakl) kabi tovush o‘zgarishlari yuz bergan. G‘ tovushining v tovushiga o‘tishi o‘zbek tili tarixi uchun xos hodisadir.
Bu tahlil shunisi bilan ahamiyatliki, u ajdodlarimizning amaliy tafakkurini namoyon etadi. Ular atrof-olamdagi narsa va hodisalarga nom berishda majoziy yoki mavhum tushunchalardan emas, balki ularning eng yaqqol, amaliy va hayotiy belgilaridan kelib chiqqanlar. “Qovun” nomi – bu shunchaki tasodifiy tovushlar yig‘indisi emas, balki poliz ekinining butun mohiyatini, uning biologik xususiyatini biodiruvchi mantiqiy ifodadir. Bunda “qalin qobiqli poliz ekini” degan chuqur ma’no mujassam.
Shunday qilib, biz har gal “qovun” so‘zini tilga olganimizda, o‘zimiz bilmagan holda ming yillar oldin yashagan ajdodlarimizning kuzatuvchanligi, tafakkur mantig‘i va so‘z yaratish san’atiga guvoh bo‘lamiz. Tilimizning har bir qatlamida ana shunday sirli va bebaho tarixiy xazinalar yashirin. Ularni o‘rganish esa o‘zligimizni anglash yo‘lidagi muhim qadamdir.
Alisher Egamberdiyev tayyorladi, O‘zA