Qovun qoqi tayyorlab, oyiga 20 million so‘mgacha daromad
Nukusda oddiy qovun qanday qilib oltinga aylanmoqda? Yangi kooperatsiya modeli eskicha qarashlarni o‘zgartirib, mahalliy aholiga mo‘may daromad keltirmoqda. Bu innovatsiya ortida nimalar yashirin?
Nukus tumanining Qirantov mahallasida “Mirzacho‘l – Agro Star” korxonasi tomonidan aholi daromadini oshirishga qaratilgan yangi kooperatsiya modeli joriy etildi. Tajriba tariqasida mahalla xonadonlarida eksportbop, sanitariya-gigiyena talablariga to‘liq javob beradigan qovun qoqi tayyorlash uchun mo‘ljallangan 5 ta zamonaviy quritish issiqxonasi qurib berildi.

Ilgari hududda iste’moldan ortgan qovun mahsulotlari asosan chorva ozuqasi sifatida foydalanib kelingan, bunda 1 kilogramm qovun atigi 200 so‘mga baholanardi. Zamonaviy qayta ishlash usuli joriy etilishi natijasida mahsulot qiymatini 10-15 barobarga oshirish imkoniyati yaratildi. Bu esa mahalliy aholi uchun qo‘shimcha daromad manbai bo‘ldi.

Loyiha doirasida xomashyo mahsulotlarini saqlash uchun 10 tonna sig‘imga ega zamonaviy muzlatkichli omborxona hamda 2 kilovattli quyosh panellari o‘rnatildi. Mazkur issiqxona egalari bir oyda o‘rtacha 15-20 million so‘m daromad olish imkoniyatiga ega bo‘lishdi. Ushbu kooperatsiya modeli qishloq xo‘jaligi mahsulotlariga qo‘shilgan qiymatni keskin oshirish, ilgari past baholangan mahsulotdan samarali foydalanish va hudud aholisi farovonligini sezilarli darajada yaxshilashning muvaffaqiyatli namunasi sifatida e’tirof etilmoqda.

Sanjar Toshpo‘latov,
O‘zA