Qo‘shtepaning intensiv bog‘larida o‘rik pishdi
Farg‘ona viloyati Qo‘shtepa tumanida “Grapes and Gardens Investment“ aksiyadorlik jamiyati tomonidan tashkil etilgan intensiv bog‘larda o‘rik pishdi.
Mamlakatimizda intensiv bog‘lar ko‘payib, yildan-yilga hosildorligi ortib borayotgani sarxil mevalarni yetishtirishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.Xususan, ”Grapes and Gardens Investment» aksiyadorlik jamiyati tomonidan dastlab 70 gektarda intensiv bog‘ yaratilgan bo‘lsa, bugun kelib uning maydoni 150 gektarga yetdi. Bu yerda tomchilatib sug‘orish, sun’iy soya qilish uskunalari o‘rnatilgan. Davlatimiz rahbari 2020 yil 5-6 iyun kunlari viloyatga tashrifi chog‘ida mazkur intensiv bog‘da bo‘lib, ularni ko‘paytirish borasida topshiriqlar bergan edi.

- Prezidentimiz tashrifidan so‘ng faoliyatimizni yanada rivojlantirishga kirishdik, - deydi “Grapes and Gardens Investment“ aksiyadorlik jamiyati raisi Azizbek Kazakov. - O‘rikning hosildorligi yuqori bo‘lgan “Rubista” va “Domino” navlari keltirilib, o‘tkazildi. Hozir 53 gektar maydonda o‘rikzor tashkil etildi. Bog‘ qator oralariga qovun, tarvuz ekib, parvarishlanyapti. 20 nafardan ziyod bog‘ ishchilari tomonidan to‘qsonbosti usulida ekilgan sarimsoqpiyoz, ismaloq, piyoz sabzavotlaridan ham mo‘l hosil olinib, yerdan foydalanish unumi oshdi. Hozirda Samarqandning “SagAgro” firmasi bilan ko‘chatchilikni rivojlantirish borasida hamkorlikni yo‘lga qo‘ydik.

O‘tgan yili Turkiya davlatidan keltirilgan o‘rik va gilos ko‘chatlari bugun barq urib o‘smoqda. O‘rikning Ispaniya va Fransiyada yaratilgan “Sunami”, “Primaya”, “Luna”, “Kolorado”, “Mambo” va “Kosmos” navlari, gilosning “svitariya” navi yurtimiz iqlimiga mosligi bilan bir qatorda hosildorligi, ertapisharligi, ayniqsa, eksportbopligi bilan ajralib turadi. Past bo‘yli ko‘chatlar 2-3 yilda hosilga kiradi. Bunday bog‘lar gektaridan 25-30 tonnagacha hosil beradi, bu mahalliy bog‘lardan olinadigan hosildan ikki barobar ko‘p degani. Xususan, o‘tgan yilda ekilgan o‘riklar hosilga kirgan bo‘lib, bu yil 5 tonna mahsulot olish rejalashtirilgan.
M. Sulaymonov, O‘zA