Qo‘shma korxonada 600 dan ortiq yangi ish o‘rinlari
Buxoro viloyatida amalga oshirilayotgan yirik investitsion loyihalarni qo‘llab-quvvatlash va ularga bojxona yo‘nalishida zarur amaliy ko‘mak ko‘rsatish maqsadida navbatdagi sayyor uchrashuv Qorovulbozor tumanida tashkil etildi.
Uchrashuvda Eron Islom Respublikasi sarmoyasi asosida barpo etilayotgan “PETROCHEM BUKHARA” qo‘shma korxonasi faoliyati atroflicha o‘rganildi. Ushbu korxona neft va neft mahsulotlarini chuqur qayta ishlashga ixtisoslashgan bo‘lib, 2025 yil yakuniga qadar to‘liq ishga tushirilishi ko‘zda tutilgan. Loyihaning to‘liq amalga oshirilishi natijasida 600 dan ortiq yangi ish o‘rni yaratiladi.

Ikki tomon – bojxona sohasi vakillari hamda investorlar o‘rtasida bo‘lib o‘tgan ochiq muloqot chog‘ida xorijiy investitsiyalar uchun yaratilayotgan bojxona imtiyozlari, “Bojxona hududida qayta ishlash” rejimi afzalliklari, shuningdek, bojxona omboridan foydalanish tartib-qoidalari bo‘yicha batafsil ma’lumotlar taqdim etildi.


Korxona tomonidan joriy yilning o‘tgan davrida qiymati 2,87 million AQSH dollariga teng, umumiy og‘irligi 4836,6 tonna bo‘lgan texnologik asbob-uskunalar, kimyo sanoatiga oid mahsulotlar hamda neft xomashyosining import bojxona rasmiylashtiruvi amalga oshirilgan.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri.