Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi tahlillariga ko‘ra, Qo‘shilgan qiymat solig‘i (QQS) stavkasining 15 foizdan 12 foizgacha pasayishi O‘zbekistonda ishbilarmonlik muhiti o‘sishiga ijobiy ta’sir ko‘rsatdi, lekin bu yanvar oyida anomal sovuq sabab yuzaga kelgan ob-havo tufayli u qadar sezilmadi.
2023 yil yanvar oyidan boshlab respublikamizning ishbilarmonlik muhiti indeksi vaqti-vaqti bilan "Trading Economics" xalqaro iqtisodiy portalida e’lon qilib boriladigan bo‘ldi. Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi mutaxassisi Feruzbek Davletovning aytishicha, fevral oyida ishbilarmonlik muhitining jamlangan ko‘rsatkichi 4 punktga o‘sdi va 58 punktni tashkil etdi. Bu mamlakatdagi ishbilarmonlik muhiti holatini ijobiy, deb baholaydi.
Kompozit ko‘rsatkichning o‘sishiga qishloq xo‘jaligi va xizmat ko‘rsatish sektoridagi dinamika sezilarli ta’sir ko‘rsatdi. So‘nggi yillarda O‘zbekistonda biznesni liberallashtirish bo‘yicha rejali davlat siyosati yo‘lga qo‘yildi, xususan, biznesni boshlash va uni yuritish soddalashtirildi, ma’muriy to‘siqlar bartaraf etildi, soliqqa tortish tizimida yangiliklar amalga oshirildi, tumanlarni 5 toifaga bo‘lgan holda joy toifasiga qarab biznes uchun imtiyozlar va subsidiyalar berishning yangi mexanizmi joriy etildi. Amalga oshirilayotgan islohotlar mamlakatimizda biznesni tartibga solish tizimini sezilarli darajada o‘zgartiradi, ishbilarmonlik muhitini yaxshilashga yordam beradi, qulay ishbilarmonlik muhitini yaratish orqali xususiy sektor rivojlanishini rag‘batlantiradi. Xususan, soliqqa tortish tizimidagi yangiliklar tufayli mamlakatda ishbilarmonlik muhitini faollashtirish va o‘sishini ta’minlashga erishildi.
Ma’lumot uchun, joriy yilning fevral oyida soliq to‘lovchilar birinchi marta soliq organlariga QQS bo‘yicha soliq hisobotlarini 12 foiz miqdorida taqdim etdi. Yanvar oyida hisobotlar 2022 yil dekabr oyi uchun taqdim etildi, unda 15 foiz stavka amal qilgan edi. Tadqiqot shuni ko‘rsatdiki, biznesning hozirgi holatini «yaxshi», deb qayd etgan respondentlar 41 foizni tashkil etgan bo‘lsa, 14 foiz «yomon» deb baholagan. Korxonalarning 20 foizi o‘z xodimlari sonini ko‘paytirdi, 40 foizi esa o‘z tovarlari/xizmatlariga talab oshganini qayd etdi. Bir oy davomida biznesning joriy holati ko‘rsatkichi 3 punktga oshdi va 37 punktni tashkil etdi, bu qishloq xo‘jaligi, sanoat va xizmat ko‘rsatish sohasidagi yaxshilanishlar bilan izohlanadi. Shunga qaramay, qurilish sohasidagi hozirgi holat ko‘rsatkichida pasayish kuzatildi.
Keyingi 3 oy ichida biznesni rivojlantirish istiqbollarini kutish ko‘rsatkichi juda yuqori darajada qolmoqda – 80 ball, bu barcha tarmoqlarda yuqori optimizm bilan qo‘llab-quvvatlanadi. Fevral oyida qurilish sohasida kutish ko‘rsatkichida sezilarli sakrash qayd etildi. Keyingi 3 oy ichida o‘z biznesi holati yaxshilanishini kutayotgan tadbirkorlarning ulushi 82 foizni tashkil etdi, tovarlar va xizmatlarga talabning yanada oshishini 75 foiz tadbirkor kutayotganini qayd etdi va 68 foiz tadbirkorlar xodimlari sonini ko‘paytirishni rejalashtirmoqda. Tadbirkorlarning 26 foizi keyingi 3 oy ichida o‘z tovarlari/xizmatlari narxining oshishini kutmoqda. Umuman olganda, joriy holat ko‘rsatkichlari va kutilayotgan taxminlar o‘rtasidagi bog‘liqlik iqtisodiyotning rivojlanishidagi ijobiy tendensiya keyingi 3 oy ichida davom etishini anglatadi.
Tadbirkorlarning 49 foizi o‘z faoliyatida to‘siqlarga duch kelganligini aytgan. Moliyalashtirish va yer uchastkalaridan foydalanishdagi to‘siqlar, soliq ma’muriyatchiligi va soliq stavkalari bilan bog‘liq muammolar, shuningdek, elektr va gaz ta’minotidagi uzilishlar qayd etildi. Biznes yuritishda turli to‘siqlarning kamayishi ham ko‘rsatkichlarni yaxshilash omili bo‘lishi mumkin. Shunday qilib, masalan, oy davomida hech qanday to‘siqlar yo‘qligini qayd etgan respondentlarning ulushi 1 foizga oshdi. Sanoat sektorida moliyalashtirish bilan bog‘liq muammolarga duch kelgan tadbirkorlarning ulushi 2 foizga kamaydi, yuqori soliq stavkalari bo‘yicha shikoyatlar yana 6 foizga kamaydi. Sanoat sektoridagi yangi yer uchastkalaridan foydalanishdagi qiyinchiliklar va gaz ta’minoti muammolari kabi to‘siqlarning ulushi deyarli o‘zgarishsiz qoldi. Qishloq xo‘jaligi vakillari suv ta’minoti (- 4%) va yuqori soliq stavkalari muammolarini (- 3%) kamroq tilga olishdi.
Qurilish sektorida soliq ma’muriyatchiligi muammolari bo‘yicha shikoyatlar soni 3 foizga kamaydi va gaz ta’minoti bilan bog‘liq qiyinchiliklarga duch kelganlar ulushi yana 4 foizga kamaydi. Xizmat ko‘rsatish sektorida elektr va gaz ta’minoti bilan bog‘liq muammolar ulushi mos ravishda 8 va 3 foizga sezilarli darajada kamaydi.
B.MELIQULOVA, O‘zA