Qorovultepa obod maskanga aylandi
Navoiy viloyati Navbahor tumanidagi Qorovultepa mahallasining yangi binosi foydalanishga topshirildi.
Ochilish marosimida viloyat hokimi N.Tursunov, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining maslahatchisi o‘rinbosari K.Sariyev, keng jamoatchilik vakillari hamda mahalla ahli ishtirok etdi.

Mahallada aholi farovonligi va turmush sharoitini yaxshilash borasida keng ko‘lamdagi bunyodkorlik va obodonlashtirish ishlari amalga oshirildi.
Hozir ushbu mahallada 692 xonadonda 3186 nafar aholi istiqomat qiladi.
Bugun ushbu manzil obod go‘shaga aylandi. Ichki yo‘llarning 3,5 kilometr qismiga shag‘al to‘kildi. 4.2 kilometr yo‘lga asfalt yotqizildi, 2800 m2 piyodalar yo‘lagi yangidan barpo etildi hamda 38 ta yo‘l harakati belgilari o‘rnatildi.

Elektr ta’minotini yaxshilash maqsadida esa 45 ta temir- beton tayanch, 12 ta transformator ta’mirlandi, 1,3 kilometr tarmoq tortildi. Gaz ta’minoti bo‘yicha aholiga 38 ta yangi gaz balloni yetkazib berilib, 671 ta xonadondagi gaz jihozlari texnik ko‘rikdan o‘tkazildi hamda tabiiy gaz tarmog‘i rekonstruksiya qilindi.
Ichimlik suvi ta’minotini yaxshilash maqsadida esa 0,4 kilometr suv quvurlari yotqizildi. 33 nafar ehtiyojmand oilaning yashash xonadonlari ta’mirlandi.

– Amalga oshirilgan chora-tadbirlar natijasida 152 nafar fuqaroning bandligiga ko‘maklashildi, – deydi mahalla raisi Oybek Qudratov. – Shuningdek, 15 nafar fuqaromiz kasb-hunarga yo‘naltirilgan bo‘lsa, tadbirkorlik va o‘zini-o‘zi band qilish maqsadida faoliyatini boshlamoqchi bo‘lgan ishsiz 35 nafar fuqaroga 87,5 million so‘mlik asbob-uskuna va mehnat qurollari subsidiya asosida olib berildi. Mahallada o‘tkazilgan tibbiy ko‘rik doirasida 291 nafar fuqaroda turli kasalliklar aniqlangan bo‘lib, ularning 14 nafariga viloyat va tuman miqyosida davolanishi uchun shifoxonalarga yo‘llanmalar berildi. 251 nafar bemorga bepul dori-darmon tarqatildi.
Shuningdek, “Ayollar daftari” ro‘yxatidagi 30 nafar xotin-qizga jami 94,3 million, “Yoshlar daftari” ro‘yxatidagi 16 nafar yoshga esa 68 million so‘mlik yordamlar berildi.

Tantanali tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganligining 31 yilligi bayrami munosabati bilan bir guruh faollarga Respublika idoralarining ko‘krak nishonlari va tashakkurnomalari topshirildi. Jumladan, tuman tibbiyot birlashmasiga qarashli “Oxunboboyev” oilaviy shifokorlik punkti mudirasi S. Xo‘jayeva “O‘zbekiston Respublikasi sog‘liqni saqlash a’lochisi” ko‘krak nishoni bilan taqdirlangan bo‘lsa, “Obod xonadon – obod ko‘cha – obod mahalla” mezonlarini joriy etishda ma’naviy-ma’rifiy ishlarni amalga oshirish hamda ijtimoiy-ma’naviy muhitni shakllantirish borasidagi fidokorona mehnatlari bilan soha rivoji yo‘lida ko‘p yillardan buyon samarali faoliyat yuritib kelayotgan viloyat Xalq qabulxonasi mudiri F. Quvondiqovga “Manaviyat fidoyisi” ko‘krak nishoni topshirildi.
Ishtirokchilar mahalla binosida yaratilgan qulaylik va shart-sharoitlar bilan yaqindan tanishdi.
A.Bo‘riyev, O‘zA muxbiri