Qorovulbozorda tutzor yaratilmoqda
Buxoro viloyati Qorovulbozor davlat o‘rmon-ov xo‘jaligi hozirda 3006 gektar yer maydonni o‘z tasarrufiga olgan. Ayni kunda o‘nga yaqin ishchi-xodim mehnat qilayotgan cho‘lquvarlar o‘rmon xo‘jaligida 30 taga yaqin ko‘chat turi ko‘paytirilmoqda.
O‘tgan yil qishki mavsumdan mazkur o‘rmon xo‘jaligi tomonidan 300 mingga yaqin ko‘chat tayyorlashga kirishilgan. Ayniqsa, qayrag‘och, kulyon, sosna, katalpa, mejavelnik, tut va yasin ko‘chatlariga talab yuqori bo‘lgani bois xo‘jalik buyurtmachilar talabiga ko‘ra ish olib bormoqda.


– Joriy haftada tasarrufimizdagi keng yaylovdan 2 gektar yerni alohida tayyorlab, chuqur shudgordan chiqarib, sug‘orib, mahalliy o‘g‘itga to‘yintirgan holda tutzor plantatsiyasini barpo qilishga kirishganmiz, – deydi Qorovulbozor davlat o‘rmon-ov xo‘jaligi direktori Umid Fatullayev. – Texnika parkimizdagi “MTZ-80” rusumli traktor va zarur mexanizmlar kuchidan foydalanib, urug‘ to‘plash va qadash ishlarini boshlaganmiz. Bundan maqsad “Yashil makon” umummilliy loyihasiga baholi qudrat hissa qo‘shish orqali viloyatda pilla yetishtirishni yanada rivojlantirish, ipak qurti ozuqa zaxirasini yaratishdir. Bugun cho‘lquvarlar zaminida ekilayotgan tut urug‘i nasib etsa, ikki yildan so‘ng navnihol ko‘chat holida buyurtmachilarga sotiladi.
Zarif Komilov,
O‘zA