Qorovulbozorda paxta terimi boshlandi
Buxoro viloyati Qorovulbozor tumani dehqonlari bu yil 14 ming 522 tonnalik "oq oltin” xirmonni bunyod etishni rejalashtirgan.
“Ark ekoklaster” MCHJga qarashli paxta qabul qilish punktida paxta mavsumi boshlanishiga bag‘ishlangan tadbir bo‘lib o‘tdi. Tadbirda tuman hokimi Akmal Ostonov boshchiligidagi sektor rahbarlari, fermer xo‘jaliklari rahbarlari hamda keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.

Qur’on tilovat qilinib, hosilga baraka tilandi. Shundan so‘ng “oq oltin” ortilgan karvon kutib olindi.
Birinchilardan bo‘lib paxta hosilini olib kelganliklari uchun fermer xo‘jalik rahbarlari, traktorchilar hamda ishchi xodimlarga esdalik sovg‘alari topshirildi.

Mutasaddilar paxta qabul qilish punktida ishchi xodimlarga yaratib berilgan sharoitlar bilan ham yaqindan tanishdi.

Klaster tomonidan fermer xo‘jaliklarga qulaylik yaratish maqsadida buxgalteriya markazi ham shu yerning o‘zida tashkil etilgan. Shuningdek, zamonaviy oshxona va yotoqxona barpo etilib ishchi xodimlar uchun barcha qulayliklar yaratilgan.
Ma’lumot uchun, bu yilgi paxta mavsumida 86 ta traktor hamda 96 ta tirkamalar mavsumga tayyorlangan.
Zarif Komilov, O‘zA