Qoraqalpog‘iston Respublikasining "Davlat tili to‘g‘risida»gi qonuni qabul qilinganining 35 yilligi munosabati bilan poytaxtimizdagi Adiblar xiyobonida o‘rnatilgan Berdaq haykali poyida gul qo‘yish marosimi va Yozuvchilar uyushmasida ma’naviy-ma’rifiy bayram tadbiri bo‘lib o‘tdi.
Unda yozuvchilar, shoirlar, adabiyotshunos olimlar va keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.
Tantanali tadbirda yozuvchi va shoirlar, ijodkor ziyolilar mamlakatimizda ma’naviy-ma’rifiy sohalarda kechayotgan islohotlar Vatanimizni taraqqiy ettirish, uning jahon miqyosidagi xalqaro obro‘sini yanada yuksaltirishda alohida ahamiyat kasb etishini ta’kidladi.
O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisi, xalq shoiri Sirojiddin Sayyid tantanali tadbir qatnashchilarini Qoraqalpog‘iston Respublikasining “Davlat tili to‘g‘risida”gi qonuni qabul qilinganining 35 yillik bayrami bilan tabrikladi.
Tadbirda o‘tgan davr moybanida qoraqalpoq tilini yanada boyitishga davlat siyosati darajasida e’tibor qaratilayotgani ta’kidlandi.
Xususan, qoraqalpoq tilidagi yangi darsliklar bilan qo‘llanmalar, badiiy kitoblar nashrdan chiqarilayotgani, ilmiy anjumanlar va boshqa tadbirlarning tashkil etilayotgani, Ibroyim Yusupov nomidagi qoraqalpoq tili va adabiyoti fanini chuqur o‘rgatishga ixtisoslashgan ijod maktabining ochilganini qayd etish mumkin. Adiblar xiyobonida qoraqalpoq shoir va yozuvchilarining haykallari o‘rnatilishi shular jumlasidandir.
Tadbirda so‘zga chiqqanlar ona tilimizni yanada rivojlantirish, milliy urf-odatlar va qadriyatlarimiz nufuzini yanada oshirish va ularni keng targ‘ib qilish, yosh avlodni vatanparvarlik, milliy an’analarimizga sadoqat ruhida tarbiyalashda muhim o‘rin egallashini ta’kidladi.
Bayram dasturida dilbar qo‘shiqlar tadbirga yanada ko‘tarinki ruh bag‘ishladi.
N.Usmonova,
N.Haydarov (surat),
O‘zA