Qoraqalpog‘istonlik yosh sportchilarga bayram tuhfasi
O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining 35 yilligi arafasida Qoraqalpog‘iston Respublikasida sport sohasini yanada rivojlantirish, yosh sportchilar uchun zamonaviy va qulay sharoitlar yaratish borasidagi ishlar izchil davom ettirilmoqda.
Sport vazirligi tomonidan Qoraqalpog‘iston Respublikasidagi sport-ta’lim muassasalarini zamonaviy sport anjomlari, jihozlari hamda maxsus sport kiyimlari bilan ta’minlash bo‘yicha amaliy chora-tadbirlar ko‘rilmoqda.
Ayni paytda ajratilgan sport inventarlari, jihozlari va maxsus kiyim-kechaklar Qoraqalpog‘iston Respublikasining barcha shahar va tumanlaridagi sport maktablari hamda ixtisoslashtirilgan sport maktablariga belgilangan tartibda yetkazib berilmoqda.
Zamonaviy sport jihozlarining muassasalarga yetkazilishi yosh sportchilarning sifatli va samarali mashg‘ulotlar o‘tkazishi uchun yaratilgan sharoitlarni yanada yaxshilashga xizmat qiladi.
Shuningdek, o‘quv-mashg‘ulot jarayoni samaradorligini oshirish, sport turlarini keng rivojlantirish, iqtidorli va istiqbolli yoshlarni aniqlash hamda ularni qo‘llab-quvvatlash, yuqori sport natijalariga tayyorlash uchun yangi imkoniyatlar yaratadi.
E’tibor va g‘amxo‘rlikning bunday amaliy ifodasi Qoraqalpog‘istonlik yosh sportchilar uchun Mustaqillik bayrami arafasida munosib tuhfa bo‘ldi.
Javohir Toshxo‘jayev, O‘zA