Jizzax viloyatida voleybol bo‘yicha XXIX O‘zbekiston chempionatining yakunlovchi beshinchi tur musobaqalari bo‘lib o‘tdi.
Fevral oyida start olgan O‘zbekiston chempionatining dastlabki tur o‘yinlaridan boshlab raqib jamoalarga hech qanday imkoniyat qoldirmasdan, ochkolar bo‘yicha birinchilikni qo‘ldan bermay kelgan Qoraqalpog‘iston Respublikasining Ajiniyoz nomidagi Nukus davlat pedagogika instituti qizlar terma jamoasi beshinchi tur musobaqalarida ham o‘zining yuqori sport mahoratini namoyon etdi.
O‘tkazilgan besh tur natijalariga ko‘ra, umumiy 58 ochko bilan qoraqalpog‘istonlik voleybolchi qizlar jamoasi XXIX O‘zbekiston chempionatining g‘olibi bo‘ldi.
Chempionatning taqdirlash marosimida bir nechta nominatsiyalar bo‘yicha g‘oliblar aniqlanib, ular orasida Ajiniyoz nomidagi Nukus davlat pedagogika instituti qizlar terma jamoasi bosh murabbiyi Azat Kazakov “Eng yaxshi murabbiy”, Nukus DPI voleybol jamoasi “Eng yaxshi jamoa”, jamoa a’zolaridan Indira Nasratdinova “Eng yaxshi o‘yinchi”, Gulbazar Nuranova “Eng yaxshi to‘suvchi”, Maqsuda Yuldasheva “Eng yaxshi jamoa sardori” nominatsiyalari bilan taqdirlandi.
G‘olib jamoa a’zolariga diplom, oltin medal va chempionlik kubogi tantanali ravishda topshirildi.
Dovud ABIBULLAEV, O‘zA muxbiri