Qoraqalpog‘istonlik bolajonlar Farg‘onada hordiq chiqarmoqda
Yozgi ta’til uchun Qoraqalpog‘iston Respublikasining Ellikqal’a, Bo‘zatov tumanlari hamda Nukus shahridan Farg‘ona viloyatiga kelgan 302 nafar o‘g‘il-qiz Qo‘qon temir yo‘l vokzalida tantanali kutib olindi.
Orolbo‘yidan kelgan bolajonlar yoz mavsumini maroqli o‘tkazishi uchun so‘lim va bahavo go‘shada joylashgan “Koinot” oromgohiga olib kelindi. Bu yerda O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi tashabbusi bilan yoshlar vaqtini mazmunli o‘tkazishi, dam olishi va sog‘lomlashtirilishi uchun barcha shart-sharoitlar yaratilgan.



Xususan, oromgohda bolalarning bilim va mahoratlarini oshirish uchun futbol, shaxmat, shashka, stol tennisi, voleybol, rasm, raqs, adabiyotshunoslar, rus va ingliz tili kabi to‘garaklar tashkil etilgan. Yoshlar o‘zlarini qiziqtirgan to‘garaklarga qatnashib, iqtidor va qobiliyatlarini rivojlantiradi. Bundan tashqari, taniqli ijodkorlar bilan uchrashuvlar, turli tanlovlar va diqqatga sazovor joylarga sayohatlar ham o‘g‘il-qizlarning maroqli dam olishlariga xizmat qiladi. Oshxona va yotoqxonalarda barcha qulayliklar mavjud.
M.Sulaymonov, O‘zA