Qoraqalpog‘istonda V “Ustozlar milliy forumi” bo‘lib o‘tmoqda
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi tomonidan “Sifatli ta’lim – Yangi O‘zbekiston taraqqiyotining mustahkam poydevori” shiori ostida tashkil etilgan V “Ustozlar milliy forumi”ning respublika bosqichi o‘z ishini boshladi.
Uning ochilish marosimida O‘zbekiston Respublikasi Maktabgacha va maktab ta’limi vazirining o‘rinbosari Farhod Boqiyev ishtirok etib, forum ishtirokchilarini samimiy qutladi va yangi o‘quv yilida pedagoglarga katta muvaffaqiyat tiladi.
Forumning asosiy maqsadi Yangi O‘zbekiston ta’lim standartlari asosida aniq o‘quv maqsadlarini belgilash va ularni dars jarayoniga samarali tatbiq etish, pedagoglar o‘rtasida professional tajriba almashish, ta’lim tizimida tahlil va monitoringga asoslangan boshqaruv madaniyatini rivojlantirish, zamonaviy raqamli texnologiyalar va innovatsion ta’lim yondashuvlarini amaliyotga keng joriy etishdan iboratdir.

Ta’kidlash joizki, mazkur forumda Qoraqalpog‘iston Respublikasining barcha shahar va tumanlaridan 374 nafar tajribali pedagog ishtirok etmoqda. Forum doirasida ishtirokchilar o‘rtasida sport va intellektual tadbirlar o‘tkazildi.
Pedagoglar voleybol musobaqasida jamoaviy ishlash, chaqqonlik va mahoratlarini namoyish etdi. Shuningdek, forum ishtirokchilari "Zakovat" intellektual o‘yinida bilim va mantiqiy fikrlash bo‘yicha o‘z imkoniyatlarini sinab ko‘rdi.
Asosiy mashg‘ulotlarning ochilish marosimida Qoraqalpog‘iston Respublikasi Maktabgacha va maktab ta’limi vazirining o‘rinbosari Aybek Dauletbayev va O‘zbekiston Respublikasi Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligining O‘quv jarayonini metodik tashkil etish va darslik boshqarmasi bo‘lim boshlig‘i Abrorjon O‘ktamov ishtirok etib, forum ishtirokchilariga muvaffaqiyatlar tiladi.

– Amaliy mashg‘ulotlar 11 ta sho‘’ba yo‘nalishida yuqori faollik va ko‘tarinki ruhda o‘z ishini davom ettirmoqda, – deydi Qoraqalpog‘iston Respublikasi Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligining sektor boshlig‘i Mambetaliy To‘remuratov. – Bundan ko‘zlangan asosiy maqsad, ta’lim tizimida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlarni, o‘quv jarayonlariga kiritilayotgan o‘zgarishlarni har bir pedagogga yetkazishdan iborat.

Ishtirokchilar Yangi O‘zbekiston ta’lim standartlari asosida aniq o‘quv maqsadlarini belgilash, pedagoglar o‘rtasida tajriba almashish va samarali hamkorlikni yo‘lga qo‘yish, tahlil, monitoring va ma’lumotlarga asoslangan boshqaruv madaniyatini rivojlantirish, sun’iy intellekt, raqamli texnologiyalar va zamonaviy ta’lim platformalaridan foydalanish, tadqiqotlarga asoslangan ilg‘or ta’lim modellarini joriy etish, pedagoglarni zamonaviy dars metodlariga yo‘naltirish masalalari bo‘yicha amaliy ko‘nikmalarga ega bo‘lmoqda.
Dovud Abibullayev,
O‘zA muxbiri