Qoraqalpog‘istonda mahallalar va markaziy ko‘chalarni obod qilish bo‘yicha yangi tashabbuslar ilgari surildi
Kecha Nukus shahrining «Ashshiko‘l» hududida 50 ming aholiga mo‘ljallangan «Yangi O‘zbekiston» massivi – «Nukus siti» qurilishi boshlandi.
270 gektarda ilg‘or arxitektura yechimlari va energiya tejamkor texnologiyalar asosida osmono‘par binolar, biznes, savdo va servis markazlari, yashil xiyobonlar barpo etiladi. Investitsiya loyihalariga xorijdan salohiyatli investorlar jalb qilinadi.
Nukusdagi Mustaqillik ko‘chasi tunu kun ishlaydigan maskanga aylandi. 28 nafar tadbirkor ish boshlab, 50 nafarining faoliyati kengaygani hisobiga bir haftada savdo tushumi 2 karra oshdi.
Nur va Yelobod mahallalari Olmazorning Qichqiriq mahallasi namunasida obod qilinadi. Navro‘z bayramigacha shu yerdagi istirohat bog‘ida aholini jalb qiladigan zamonaviy maskan barpo etish topshirildi.
Kegeylida 3,5 kilometr zovurni yopib, 100 ta servis ob’ekti qurish boshlangan. Buning hisobiga 320 ta ish o‘rni yaratiladi.
Qolgan viloyat hokimlariga ham Navro‘zgacha o‘zlariga biriktirilgan tumanlarda bittadan mahalla va markaziy ko‘chada shunday loyihalarni amalga oshirish vazifasi qo‘yildi.
Obod qilingan ko‘cha va mahallalarga aholining o‘zi baho berishi, odamlar ma’qul topsa, ushbu ko‘chalarga ularni obod qilgan viloyatlar nomini berish taklifi bildirildi.
Nukus shahrida Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida Qoraqalpog‘istonni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish masalalariga bag‘ishlangan yig‘ilish bo‘lib o‘tmoqda.
O‘zA