Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning Oliy Majlis va O‘zbekiston xalqiga yo‘llagan Murojaatnomasini qoraqalpog‘istonliklar katta hayajon hamda qiziqish bilan tingladi. Unda Qoraqalpog‘iston Respublikasi, shu jumladan, ekologiya va suv masalalari yuzasidan bildirilgan fikrlari har bir yurtdoshimizning qalbiga g‘urur va iftixor bag‘ishlamoqda.
Xalilla YeSHIMBETOV, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi deputati, Qoraqalpog‘iston Respublikasiga xizmat ko‘rsatgan yoshlar murabbiysi:
– Yurtboshimiz o‘z nutqini o‘tgan yilgi Murojaatnomada belgilangan islohotlarning yakuniy sarhisobi, xalq roziligi yo‘lidagi qilingan ishlar bilan boshlab, kelgusi 2023 yilda amalga oshiriladigan ustuvor rejalar bilan tanishtirdi. Jumladan, “O‘zbekiston deb atalmish katta va inoq oilaning har bir a’zosi tinch va farovon hayot kechirishi uchun zarur shart-sharoitlar yaratish yo‘lida tinimsiz izlanyapmiz. Yakuniga yetayotgan 2022 yil g‘oyat murakkab va sinovli yil bo‘ldi desam, har tomonlama to‘g‘ri bo‘ladi. Ushbu davrda to‘plagan tajribamiz bir haqiqatni yaqqol isbotlab bermoqda “taraqqiyot faqat va faqat jasoratli mehnat orqali bo‘ladi” deb ta’kidladi.
Yakuniga yetayotgan yilda dunyoda davom etayotgan pandemiya, ayrim davlatlar orasidagi urushlar natijasida yuzaga kelayotgan iqtisodiy inqirozlar, qo‘shni Afg‘onistonda kechayotgan voqealar paytida mamlakat iqtisodiyotini barqaror o‘stirish, aholi tinchlik, osoyishtaligini saqlash qanday murakkab bo‘lganligini anglash qiyin emas. Shunga qaramasdan O‘zbekiston jahon siyosati markazlarining biriga aylangani ham rost. Yil davomida mamlakatimizda Shanxay Hamkorlik Tashkiloti, Turkiy davlatlar tashkilotlari sammitlari o‘tkazilishi buning isbotidir. Shunday bo‘lishiga qaramasdan davlatlararo o‘zaro ishonchning kamayib, ayrim mojarolarning ortishi davlatlar rivojiga xavf solib turibdi. Bu xavf afsuski, O‘zbekistonni ham chetlab o‘tmadi.
Prezidentimiz xalqqa murojaat qilar ekan “Qoraqalpog‘istonda sodir bo‘lgan noxush voqealar xalqimizni qattiq qayg‘uga soldi. Xudoga shukur, ko‘p millatli xalqimizning oqilligi va donishmandligi bilan vaziyat tez izga tushdi” dedi.
Sh.Mirziyoyevning Qoraqalpog‘istonga bo‘lgan alohida mehri, cheksiz g‘amxo‘rliklari tufayli iyul voqealari kengayib ketishining oldi olindi. Davlatimiz rahbari ketma-ket ikki kun Nukusda faollar, deputatlar bilan uchrashib, favqulodda vaziyat joriy qildi, aholi tinchligi ta’minlandi.
2016 yilda Prezidentimizning “Madaniyatni Mo‘ynoqdan boshlaymiz” – degan chaqirig‘i hozir amalda namoyon bo‘lib turibdi. Mo‘ynoq tubdan yangidan qurildi. A-380 samolyoti qatnovi yo‘lga qo‘yilgan. Orolning qurigan maydonida 1,5 million gektardan ziyod yashil makon paydo bo‘ldi.
Yangidan Taxiatosh, Bo‘zatov tumanlari tashkil etildi. O‘zbekistonning har bir viloyati tumanlarga ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishga ko‘maklashish maqsadida biriktirildi va buning samarasini xalqimiz his qilmoqda.
Prezidentning maxsus farmon va qarorlari bilan har bir tumanda mahallalar infratuzilmasini rivojlantirish dasturlari tasdiqlandi. Ayniqsa, Nukus shahrida amalga oshirilgan obodonlashtirish ishlaridan xalqimizning roziligi ularning yuzlarida aks etib turibdi.
Murojaatnomada Qoraqalpog‘istonni har tomonlama rivojlantirish bo‘yicha ishlar davom ettirilishi ta’kidlandi. Prezidentimizning “Biz uchun Qoraqalpog‘iston yutug‘i – O‘zbekiston yutug‘i, Qoraqalpog‘iston tashvishi bu− butun O‘zbekiston tashvishi”, degan gaplari hamisha amaliy harakat dasturi bo‘lib kelgan va bundan keyin ham shunday bo‘lib qoladi.
Bizning ezgu maqsadimiz – birgalikdagi mehnatimiz bilan Yangi O‘zbekistonda har tomonlama rivojlangan, obod va farovon Yangi Qoraqalpog‘istonni bunyod etishdir.
Asrlar davomida et va tirnoq kabi bir bo‘lib ketgan xalqlarimiz do‘stligiga, hech qanday kuch ta’sir ko‘rsata olmaydi. Chunki, bizning o‘tmishimiz bir, bugunimiz ham, kelajagimiz ham bir!” degan so‘zlari butun Qoraqalpoq xalqi qatori meni ham to‘lqinlantirib yubordi.
Murojaatnomada bayon etilgan har bir yo‘nalish bo‘yicha “inson qadri”, “xalqni rozi qilish” tamoyili asosida yuksak marralar belgilab berilgan. Ushbu marralarni amalga oshirishda tinchlik osoyishtalikni ta’minlash, islohotlar jarayonida faol ishtirok etish har bir deputatning burchi hisoblanadi.
Axmed Reymov, Berdaq nomidagi Qoraqalpoq davlat universiteti rektori, texnika fanlari doktori, professor:
– Murojaatda ajdodlarimizning asriy orzulari, bugungi jamiyatning xohish-istagi, nainki, har bir insonning matonat va intilishlari o‘z tajassumini topgan. Unda jamiyatimiz va davlatimiz taraqqiyoti talab qilayotgan barcha muhim nuqtalar to‘lig‘icha tizimli qamrab olingan, desak hech ham mubolag‘a bo‘lmaydi. Murojaat matnida jamiyatimizning bugungi qiyofasi bor bo‘y-basti bilan o‘z aksini topgan.
Murojaatnomada ilgari surilgan islohotlar xalq turmush tarzini tubdan yangilashga, iqtisodni yuksaltirishga, oliy ta’limning sifat parametrlarini oshirishga, ilm-fan va ta’lim tizimlarini modernizatsiyalashga, xalqaro o‘zaro teng manfaatli hamkorlik mexanizmini mustahkamlash kabi ustuvor vazifalarni amalga oshirish maqsad qilib qo‘yilgan.
Prezidentimiz tomonidan 2023 yilga “Insonga e’tibor va sifatli ta’lim yili” deb nom berish tashabbusining bildirilishi, bugungi murakkab davrdagi taraqqiy etayotgan O‘zbekiston manfaatlariga to‘la mos keladi. Chunki, har bir inson o‘zi yashayotgan jamiyatda baxtli bo‘lishga haqlidir. Bu borada bugun Prezidentimiz juda ham haq gapni aytdilar: “Shu yurtda yashayotgan har bir insonning tinch va baxtli hayot kechirishi, uning sog‘ligi joyida bo‘lishi, yaxshi ta’lim olishi, oilasini tebratishi uchun qanday sharoit kerak bo‘lsa, hammasini yaratib berishga harakat qilyapmiz va bu yo‘ldan aslo to‘xtamaymiz”.
Har qanday jamiyatni qudratli, millatni esa ulug‘ qiluvchi kuch bu – ta’lim va ma’naviy tarbiyadir. Prezidentimiz tomonidan ilgari surilgan tashabbuslar, jumladan, oliy ta’lim sohasidagi son ko‘rsatkichlaridan sifat natijalariga erishish muhimligi haqidagi “… sifat kerak endi bizga” degan fikrlari ta’lim tizimidagi eng muhim nuqtalardir. Maktab, kollej, texnikum va oliy ta’limning jamiyat manfaatlariga mos tizimli tashkil qilinishi, undagi ta’lim sifatining ta’minlanishi mazkur tashabbusning markazida turadi. O‘qituvchilar maqomini, ularning obro‘si va sha’nini himoya qilish masalasini konstitutsiyada belgilab qo‘yilishi, har bir hududdagi bittadan texnikumda Yevropa kasbiy ta’lim standartlarining joriy qilinishi, kasb-hunar ta’limi qamrov darajasining kengaytirilishi, kelgusi yilda oliy ta’lim uchun imtiyozli ta’lim kreditlariga resurslarning 2 barobarga oshirilishi yaqin kelajak jamiyatimizning muhim masalalaridir.
Islohotlar bilimli va salohiyatli, jahon standartlariga mos kadrlarni tayyorlash, institut va universitetlarning imkoniyatlarini har tomonlama oshirishga qaratilmoqda. Har qanday ta’lim inson va jamiyat manfaatiga yo‘naltirilgan bo‘lishi zarur. Davlatimiz rahbari ta’kidlaganidek, “Davlatimiz siyosatining markazida inson, inson, inson manfaatlari” turadi.
Murojaatnomada ta’kidlab o‘tilgan tashabbuslar bizning jamoamizga ham yangidan-yangi vazifalar yuklaydi. Mazkur vazifalar asosida har bitta jamoa o‘ziga xos mas’uliyat yukini belgilaydi. Murojaatda belgilangan vazifalarni hayotga tatbiq etish borasida barcha oliy o‘quv yurtlari qatorida Qoraqalpoq davlat universiteti jamoasi ham salmoqli ishlarni amalga oshiradi.
O‘zA muxbiri Dovud Abibullayev yozib oldi.