Qoraqalpog‘iston Respublikasi xabarlari – qisqa satrlarda
Shumanay tumani “Qorabayli” mahalla fuqarolar yig‘ini hududida joylashgan Komil Yusupov fermer xo‘jaligi dalalarida g‘alla va dukkakli ekinlarni yetishtirish bo‘yicha amaliy dala seminari bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda qishloq xo‘jaligi sohasining mas’ul mutaxassislari, tegishli tashkilotlar vakillari, fermer va dehqonlar ishtirok etdi. Unda zamonaviy agrotexnik usullar, suv resurslaridan samarali foydalanish va hosildorlikni oshirish masalalari yuzasidan fikr almashildi.
Seminar doirasida Qoraqalpog‘istonda birinchi marta tajriba tariqasida no‘xat Shumanay tumanida ekilgani alohida ta’kidlandi. Mutaxassislarning ta’kidlashicha, ushbu ekinni kelgusida hududda ko‘p ekish qishloq xo‘jaligi mahsulotlari turini oshirishga hamda yer va suv resurslaridan oqilona foydalanishga xizmat qiladi. Shuningdek, qishloq xo‘jaligi sohasi mutaxassislari fermer va dehqonlarga no‘xat yetishtirish texnologiyasi, parvarishlash usullari, agrotexnik tadbirlarni o‘z vaqtida amalga oshirish va yuqori hosil olish bo‘yicha zarur tavsiya va amaliy ma’lumotlar berishdi.
***
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 2-apreldagi “Oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish dasturlari doirasida aholining biznes tashabbuslarini moliyalashtirishni takomillashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori asosida Ellikal’a tumanida ishsiz fuqarolarni tadbirkorlik faoliyatiga keng jalb etish va ularning biznes tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash ishlari izchil davom etmoqda.

Jumladan, “Har bir oila – tadbirkor” dasturi doirasida 11 nafar ishsiz fuqaroga tadbirkorlik faoliyatini yo‘lga qo‘yish hamda rivojlantirish uchun 5 yil muddatga, 6 oy imtiyozli, yillik 12 foiz stavkada kredit mablag‘i ajratildi.
Mazkur kreditlar hisobidan xarid qilingan asbob-uskunalar belgilangan tartibda o‘z egalariga topshirildi. Ushbu amaliy yordam fuqarolarning o‘z biznesini yo‘lga qo‘yishi, yangi ish o‘rinlari yaratishi va oilaviy daromadlarini oshirishlariga xizmat qiladi.
***
O‘zLiDeP Shumanay tuman Kengashi tomonidan tadbirkorlik muhitini yanada yaxshilash, aholining ishbilarmonlik faolligini oshirish va xususiy sektorni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan davra suhbati tashkil etildi.

“Deputatlar va tadbirkorlar muloqoti” forumi doirasida o‘tkazilgan tadbirda xalq deputatlari mahalliy Kengash deputatlari, tadbirkorlar hamda xotin-qizlar ishtirok etishdi.
Davra suhbati davomida mamlakatimizda tadbirkorlikni rivojlantirish, yangi ish o‘rinlari yaratish, xotin-qizlarni biznesga keng jalb qilish va ularning iqtisodiy faolligini oshirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar xususida fikr almashildi. Shuningdek, tadbirkorlik sub’ektlari faoliyatida uchrayotgan ayrim muammolar va ularning yechimlari muhokama qilindi.
Tadbir so‘nggida tadbirkorlar o‘zlarining mehnat faoliyatlari, biznes yuritish tajribasi va erishgan yutuqlari bilan o‘rtoqlashdilar. Ular tomonidan bildirilgan fikr va takliflar ishtirokchilarda katta qiziqish uyg‘otdi.
***
Toshkent shahrida 18-30 yosh va 30 yoshdan yuqori ayollar o‘rtasida sportning stol tennisi, shaxmat-shashka va yengil atletika turlaridan o‘tkazilgan “Ayollar sport olimpiadasi” yakunida Qoraqalpog‘iston Respublikasi jamoasi 1-o‘rinni egallab diplom, medal va kubokni qo‘lga kiritishga muvaffaq bo‘ldi.

G‘oliblar Nukus temir yo‘l vokzalida Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi raisi o‘rinbosari, Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi raisi Maryam Axmedova va Sport vaziri Yerkinbay Qutibayevlar rahbarligida tantanali ravishda kutib olindi.
Unda so‘zga chiqqanlar g‘oliblarni erishgan yutuqlari bilan qutlab, kelgusi musobaqalarda yaxshi natijalarga erishishlarini tilashdi.
Dovud Abibullayev,
O‘zA muxbiri