Nukusda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi raisi F. Ermanov yangi o‘quv yili boshlanishi oldidan bir qator oliy ta’lim muassasalarining rahbarlari va mas’ullari bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Mazkur uchrashuvni o‘tkazishdan maqsad – kuz-qish mavsumini xavfsiz va zararsiz o‘tkazish, talabalar va fuqarolar salomatligini muhofaza qilish bo‘yicha chora-tadbirlarni belgilab olishdan iborat bo‘ldi. Ya’ni bunda zaharli gazlardan ehtiyot bo‘lish va turli ko‘ngilsiz hodisalarning oldini olish uchun profilaktik tadbirlarni kuchaytirish, xavfsizlik qoidalariga qat’iy rioya qilish, xususan, yotoqxonalar va ijara uylarda isitish tizimlaridan to‘g‘ri foydalanishni yo‘lga qo‘yish, talaba-yoshlarda hushyorlik madaniyatini shakllantirish, oliy ta’lim muassasalari rahbarlari va professor-o‘qituvchilarning mas’uliyatini oshirishdan iborat.

Uchrashuv ishtirokchilari e’tiboriga ko‘plab hududlarda kuzatilayotgan gaz hididan zaharlanish holatlari bo‘yicha tayyorlangan maxsus videorolik havola etildi. Shuningdek, uchrashuvda ta’lim muassasalari rahbarlariga kuz-qish mavsumiga puxta tayyorgarlik ko‘rish, xavfsizlikka oid targ‘ibot ishlarini kuchaytirish, talaba-yoshlarning beparvolik bilan bog‘liq xatti-harakatlariga yo‘l qo‘ymaslik yuzasidan topshiriqlar berildi. Bu masalalar doimiy nazoratda bo‘lishi belgilab olindi.
***
Nukusda “Sog‘lom oila - sog‘lom jamiyat uchun birlashaylik” mavzusida o‘quv seminari tashkil etildi.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi tomonidan tashkil etilgan ushbu tadbir davomida xotin-qizlar va erkaklarning teng huquqini ta’minlash, ularning ijtimoiy hayotdagi faol ishtirokini kengaytirish, oilaviy mas’uliyatni adolatli taqsimlash masalalari muhokama qilindi.

Shuningdek, oilaviy qadriyatlarni asrab-avaylash, sog‘lom turmush tarzini shakllantirish va yosh avlod tarbiyasida gender tengligining o‘rni haqida fikr-mulohazalar bildirildi. Mutaxassislar tomonidan ishtirokchilarga huquqiy, ma’naviy va tibbiy jihatdan foydali tavsiyalar berildi.
O‘quv seminari yakunida gender tenglikni ta’minlash nafaqat sog‘lom oila, balki butun jamiyat taraqqiyotining muhim kafolati ekanligi ta’kidlandi. Har bir fuqaroning teng huquq va imkoniyatlardan foydalanishi, o‘z salohiyatini to‘liq ro‘yobga chiqarishi uchun zarur sharoitlar yaratish – shu bugunning dolzarb vazifalaridan biri ekaniligi qayd etildi.
***
Ob’ektlarda quyosh panellarini o‘rnatish ishlarini muvofiqlashtirish bo‘yicha Qoraqalpog‘iston Respublikasi bojxona boshqarmasida tuzilgan ishchi guruh vakillari Kegeyli tumanida o‘rganish ishlarini olib bordi.

Tumandagi “Ichan qal’a” ovul fuqarolar yig‘inida joylashgan Roman boshliq fermer xo‘jaligiga 50 kVt quvvatli quyosh panellari o‘rnatilishi elektr energiyasiga bo‘lgan talabni to‘liq qondirmoqda. Shuningdek, mol-mulk va yer solig‘idan imtiyozga ega bo‘lish bilan birga, iste’moldan ortgan energiyani tarmoqqa sotish orqali qo‘shimcha daromad topish mumkin.
O‘rganish ishlari tadbirkorlik sub’ektlari va fuqarolar xonadonlarida davom ettirildi.
***
Qoraqalpog‘iston Respublikasi prokuraturasida sportning 10 ga yaqin turi bilan shug‘ullanish imkonini beruvchi sport majmuasi foydalanishga topshirildi.

Ochilish marosimida Qoraqalpog‘iston Respublikasi prokurori Sh. Aminov so‘zga chiqib, xodimlarni sportga jalb qilish va sog‘lom turmush tarziga amal qilishning ahamiyatiga to‘xtaldi. Yaratib berilayotgan sharoitlarga munosib bo‘lgan holda, fidokorona va adolatli mehnat qilish lozimligini ta’kidladi.
Tadbirda yakunida prokuratura organlari xodimlari o‘rtasida sportni ommalashtirish maqsadida mini futbol, milliy kurash, stol tennisi, yugurish, suzish, shaxmat, shashka bo‘yicha o‘tkazilgan “Qoraqalpog‘iston Respublikasi prokurori kubogi” uchun musobaqalar g‘oliblari diplom, medallar hamda esdalik sovg‘alari bilan taqdirlanishdi.
Dovud Abibullayev,
O‘zA muxbiri