Qoraqalpog‘iston Respublikasi xabarlari – qisqa satrlarda
A 380 “G‘uzor – Buxoro – Nukus – Beyneu” avtomobil yo‘li xalqaro transport yo‘nalishining O‘zbekistondagi qismi hisoblanib, u orqali Markaziy va Sharqiy Yevropa, Rossiya, Ukraina va Qozog‘istonga chiqish ta’minlanadi hamda mamlakatimiz orqali transafg‘on transport yo‘nalishiga ulanadi.
Prezidentimizning 2024 yil 24 dekabrdagi “2025 – 2027 yillarda O‘zbekiston Respublikasining ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasini rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori asosida mazkur avtomobil yo‘lining 698 – 723 kilometr oralig‘ida qurilish-ta’mirlash ishlari qizg‘in olib borilmoqda. Qurilish ishlari uchun 2025 yilga 71,2 milliard so‘mlik shartnoma imzolangan. Hozirgi vaqtda Qipchoq yo‘llardan muntazam foydalanish davlat muassasasi tomonidan 3 kilometr uzunlikda 9 santimetr qalinlikda asfalt yotqizish ishlari amalga oshirilmoqda. Bu ishlarga jami 20 dan ortiq texnika, 30 nafardan ziyod ishchi safarbar etilgan.

***
Joriy yilda muddatli harbiy xizmatga chaqirilgan askarlarni milliy armiyamizda foydalaniladigan qurol-aslahalar, jangovar va harbiy texnikalar, harbiy xizmatchilarga belgilangan ta’minot me’yorlari bilan yaqindan tanishtirish maqsadida Nukus garnizonidagi harbiy qismlardan birida ko‘rgazmali o‘quv mashg‘uloti tashkil etildi.
O‘n sakkizta o‘quv nuqtasida tajribali ofitser va serjantlardan iborat mashg‘ulot rahbarlari askarlarga o‘qotar qurollar, jangovar, harbiy va maxsus texnikalar, aloqa vositalari va boshqalarning vazifasi, qo‘llanilishi hamda ulardan foydalanilganda xavfsizlik qoidalariga amal qilish bo‘yicha mashg‘ulotlarni olib bordi. Jumladan, dala sharoitida ovqat tayyorlash uchun jihozlar, harbiy xizmatchilarga belgilangan oziq-ovqat va kiyim-kechak ta’minoti me’yorlari, aloqa, tibbiy yordam ko‘rsatish texnika va vositalari, muhandislik qurol va anjomlari haqida batafsil ma’lumot berildi.

***
Ellikqal’a ovul fuqarolar yig‘inida joylashgan madaniyat markazida “O‘zbekiston umumiy uyimiz” shiori ostida ma’naviy-ma’rifiy tadbir bo‘lib o‘tdi.
Unda Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi Ellikqal’a tuman bo‘linmasi rahbari, A.Matniyazova, Din ishlari bo‘yicha qo‘mitaning tuman bosh mutaxassisi Ye.Allabergenov va boshqalar so‘zga chiqib, mamlakatimizda millatlararo totuvlik va bag‘rikenglikni ta’minlash, do‘stlik muhitini yanada yaxshilash, yoshlarni milliy va umuminsoniy qadriyatlarga hurmat ruhida tarbiyalashga alohida e’tibor qaratilayotgani aytildi.
Tadbirda namoyish etilgan o‘zbek, qoraqalpoq, turkman, qozoq, rus millatlarining konsert dasturi barchada katta taassurot qoldirdi.

***
Fuqarolik ishlari bo‘yicha Qoraqalpog‘iston Respublikasi Nukus tumanlararo sudining 2024 yil 4 martdagi qaroriga asosan qarzdor G.U.dan aksiyadorlik-tijorat “Anorbank” Nukus filiali foydasiga 248,3 million so‘m undirish, uni kredit ta’minoti sifatida garovga qo‘yilgan “TRACKER” rusumli avtomashinaga qaratish belgilandi.
Olib borilgan ijro harakatlari davomida qarzdorning nomida bo‘lgan “TRACKER” rusumli avtotransport vositasi uning yashash manzilida aniqlanmadi. Shu sababli unga nisbatan joriy yil 15 fevral kuni qidiruv e’lon qilindi va umumiy qarzdorlikning besh foizi miqdorida qo‘shimcha ijro yig‘imi qo‘llanildi.

Majburiy ijro byurosi Qoraqalpog‘iston Respublikasi boshqarmasi qidiruv sho‘’basi xodimlari tomonidan joriy yilning 2 aprel kuni olib borilgan tezkor-qidiruv tadbirlaridan so‘ng qarzdorga tegishli avtomashina uning ishxonasiga yashirib qo‘yilganligi aniqlandi.
Kelgusida ushbu avtomashina elektron-onlayn auksion savdo maydonchasi orqali sotilib, sotuvdan tushgan pul mablag‘i qo‘llanilgan ijro yig‘imi va qarzdorning bank oldidagi qarzini qoplashga yo‘naltiriladi.
Dovud Abibullayev, O‘zA muxbiri.