Qoraqalpog‘iston Respublikasi Konstitutsiyasining 33 yilligiga bag‘ishlandi
Ajiniyoz nomidagi Nukus davlat pedagogika institutida Qoraqalpog‘iston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganining 33 yilligiga bag‘ishlangan tantanali tadbir bo‘lib o‘tdi.
Unda professor-o‘qituvchilar, tyutorlar, talaba-yoshlar va ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.
Tantanali tadbir O‘zbekiston va Qoraqalpog‘iston Respublikalari davlat madhiyalari bilan boshlandi.

Tadbirda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi raisi o‘rinbosari Radjapbay Nurazizov, Qoraqalpog‘iston Respublikasi sudining raisi Kamal Tarixov, Qoraqalpog‘iston Respublikasi prokurorining o‘rinbosari To‘lqin Nurmetov, institut rektori v.v.b. Quvondiq Qodirov yig‘ilganlarni Qoraqalpog‘iston Respublikasi Konstitutsiyasining 33 yilligi bilan muborakbod etdi. So‘zga chiqqanlar Bosh Qomusda belgilangan normalarning hayotimizda tutgan o‘rni, so‘nggi yillarda mamlakatimizda ta’lim sohasi, jumladan, yoshlarning oliy ma’lumotli bo‘lishi uchun yaratilayotgan sharoit va imkoniyatlarni qayd etdi.

Shuningdek, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Konstitutsiyasining qabul qilinishi tarixi, unga kiritilgan o‘zgartish va qo‘shimchalar, mamlakatimizda Konstitutsiya asosida qonun ustuvorligini ta’minlash, bunda “Inson qadri hamma narsadan ustun” tamoyiliga amal qilish, fuqarolarning huquq va manfaatlarini himoya qilish borasidagi ishlarning ahamiyatiga to‘xtaldi.

Ta’kidlanganidek, konstitutsiya – har bir davlatning tarixi, buguni va kelajagi, xalqning xohish-irodasini o‘zida aks ettiruvchi bosh qomus hisoblanadi. Muqaddima, 6 bo‘lim, 26 bob, 121 moddadan iborat Qoraqalpog‘iston Respublikasi Konstitutsiyasi 1993-yil 9-aprel kuni XII chaqiriq Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Sovetining o‘n ikkinchi sessiyasida qabul qilindi.

Konstitutsiya amalga oshirilayotgan demokratik islohotlar va ularning qonunchilik asoslarini yaratishning bosh huquqiy asosi, inson huquq va erkinliklarining ishonchli himoyasi kafolatidir. Unda barcha normalar eng avvalo inson huquq va manfaatlarini kafolatlagan holda, inson – jamiyat – davlat tamoyili asosida ishlab chiqilgan.
Tantanali tadbir “To‘maris” xalq ansambli va iste’dodli yoshlar ijrosidagi konsert dasturi bilan davom etdi.
Dovud Abibullayev,
O‘zA muxbiri.